Emre Kiviljim: “Oʻzbek palovining taʼrifiga til ojiz!”
14 Feb, 2023 - 16:16
503
Axborot va matbuot xizmati
“Mendirman Jaloliddin” serialida bosh qahramon — Jaloliddin Manguberdi obrazini gavdalantirgan turk aktyori Emre Kiviljim o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Oʻzbekiston deganda tabiiyki, bu zaminning qadimiy tarixi, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Xorazm kabi tarixiy shaharlari koʻz oldimda namoyon boʻladi, — dedi aktyor. — Suratga olish jarayonida Xorazmni shunchaki bir hudud emas, Jaloliddinni ulgʻaytirgan, u jonidan aziz koʻrgan bir zamin sifatida kezdim. Menga eng yoqqani esa oʻzbekcha palov boʻldi. Oʻzbek palovining taʼrifiga til ojiz!”.
O’z navbatida Emre Kiviljim Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovga serialni suratga olishdagi tashabbuskorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
“Ozodbek Nazarbekovning sanʼatsevarligi va soha vakillariga boʻlgan eʼtiborini yuksak qadrlayman”, — dedi u.
Shuningdek, Emre Kiviljim Jaloliddin Manguberdining toʻgʻrisoʻz, zakiy, jasoratli, sadoqatli, dushman qarshisida mard va mazlumlarga marhamatli bo‘lganini alohida e’tirof etdi.
“Jaloliddin Manguberdi singari bir xalq qahramoni obrazini jonlantirish barobarida xorazmshohlar, usmoniylar sulolasining tarixini yaqindan oʻrgandim. U shunchaki yashamadi, aniq maqsadlari, vazifalari bor. Eng katta vazifasi esa ota makoni, ona zamin mudofaasi, bu oʻlkada yashayotgan xalq himoyasi. Va u buning uchun borligʻini bagʻishlashga, jonini berishga-da tayyor asl xalq qahramonidir”, – dedi Emre Kiviljim.