O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Isroilda namoyish etilmoqda
14 Feb, 2023 - 15:21
464
Axborot va matbuot xizmati
Bugun Isroilning Tel-Aviv shahrida Oʻrta yer dengizi xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi – “IMTM-2023” (The International Mediterranean Tourism Market) oʻz ishini boshladi. Unda Oʻzbekistonning milliy stendi ham namoyish etilmoqda.
Taʼkidlash joizki, har qanday mamlakat sayyohlik salohiyatini oshirishda turizm xizmatlarining tashqi bozorlarda faol targʻibotini olib borish muhim ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonning nufuzli “IMTM-2023” koʻrgazmasida qatnashayotgani tadbirga tashrif buyuruvchilarni yurtimiz sayyohlik imkoniyatlari, boy madaniyatimiz va anʼanalarimiz bilan yaqindan tanishtirish asnosida turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimiz sayyohlik salohiyati Madaniyat va turizm vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” AJ, sayyohlik kompaniyalari, jumladan, "Orient Mice"," Dolores Travel Services", "Sanat Travel experts" va "Next tour" xodimlari tomonidan taqdim etilmoqda. Delegatsiyaning ishtiroki esa bevosita O‘zbekiston Respublikasining Isroildagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil qilindi.
Bu yilgi IMTMda, shuningdek, Belarus, Chernogoriya, Vengriya, Fransiya, Gretsiya, Ozarbayjon, Portugaliya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Litva, Turkiya, Slovakiya, Gruziya, Janubiy Koreya, Chexiya, Ispaniya kabi davlatlar o‘z stendlarini tashkil qilgan.
Ikki kunlik ko‘rgazmaga 26 mingga yaqin mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. O‘z navbatida, "IMTM-2023" doirasida Global sayyohlik innovatsion forumi ham bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan boy madaniy va ishbilarmonlik dasturi tayyorlangan. Jumladan, bugun "Expo Center Tel Aviv" ko‘rgazma markazi hududida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi – “Milliy PR-markazi” DUKning “Uzbekistan – The Crossroad of Civilizations. Tourism Potential of Uzbekistan” mavzusida taqdimoti hamda mashhur o‘zbek oshpazi Bahriddin Chustiy va Buxoro yahudiylari avlodidan bo‘lmish isroillik oshpaz Yisrael Aharoni tomonidan “Gastronomy of Uzbekistan” mavzusida qo‘shma taqdimot o‘tkaziladi.
Taqdimot yakunida taniqli oshpazlar "mahorat darsi" ham o‘tishadi. Tashrif buyuruvchilar o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘radilar. O‘z navbatida, san'atkorlarimizning milliy musiqiy chiqishlaridan ham bahramand bo‘ladilar.
15-fevral kuni "Ennis Culture Centre" madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdimoti o‘tkaziladi.
"IMTM-2023" xalqaro ko‘rgazmasi davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Isroil turoperatorlari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari, qo‘shma turlarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shuningdek, joriy yil noyabr oyida o‘tkaziladigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish masalalariga ham alohida e'tibor qaratiladi.