Yurt ravnaqiga hissa qo‘shish yo‘lida barchamiz yelkadoshmiz
02 Feb, 2023 - 18:21
622
Axborot va matbuot xizmati
Insonning mehr qo‘ygan kasbi uning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga yordam bersa, yaxshi jamoada faoliyat yuritishi kasbiy o‘sishida pillapoya vazifasini o‘taydi. Albatta, ushbu jarayonda kadrning bilimi, salohiyati, dunyoqarashi va tajribasi ham muhim ahamiyatga ega.
Ana shunday fazilatlarga ega bo‘lgan, madaniyat va turizm sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shib kelgan masʼul xodimlar boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan samimiy xayrlashdik.
2017-yildan buyon Madaniyat vazirligida biz bilan yelkama-yelka mehnat qilib kelayotgan Umidjon Qo‘qonboyev o‘tgan davr mobaynida sohaga oid qonunlar, Farmon va qarorlar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatli va tashabbuskorligi, shijoati bilan jamoadoshlariga, ayniqsa, yosh xodimlarga o‘rnak bo‘la oldi. Turizm sohasi rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan Baxtiyor Ibragimov va Nusratilla Zikrillayev haqida ham iliq fikrlar aytish mumkin.
Ularning keyingi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ishonchimiz komilki, yangi vazifalarida ham bor kuch, bilim va tajribalarini ishga solib, mehnat qiladilar.
Aslida yurtni jon dilidan sevgan kishi borki, qaysi jamoada, qanday lavozimda faoliyat yuritmasin, Vatan taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shishni o‘z burchi, vazifasi deb biladi. Binobarin, barchamiz shu xalqqa xizmat qilamiz, safdoshmiz, yelkadoshmiz. Shu maʼnoda, Umidjon Qo‘qonboyev, Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev kabi shijoatli insonlar bilan kelgusida ezgu maqsadlar yo‘lidagi hamkorligimiz davom etadi.
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat va turizm vaziri