Baxshichilik san’ati rivojida “ustoz-shogird” an’analari muhim ahamiyatga ega
20 Jan, 2023 - 16:59
1213
Axborot va matbuot xizmati
Qo‘qon shahrida Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi tomonidan “Baxshichilik san’atida ustoz-shogird an’analari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Anjumanda mamlakatimizda xalq og‘zaki ijodining go‘zal va betakror namunasi bo‘lgan baxshichilik san’atini asrab-avaylash va rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, bu borada qabul qilingan Prezident Farmon va qarorlari soha ravnaqiga yangi hayot bag‘ishladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Baxshi-shoir va oqinlar o‘rtasida xalqaro ko‘rik-tanlovlar muntazam tashkil etib kelinmoqda, ta’lim muassalarida baxshichilik san’ati sirlarini o‘qitish, kelajak avlodlarga yetkazish borasida ham katta ishlar qilinmoqda.
YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni asrash hukumatlararo qo‘mitasi tomonidan Baxshichilik san’ati Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi sifatida barchamizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Umuman, baxshichilik san’ati yurtimizdagi turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, bir-birini tushunish va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni ona yurtga, milliy-madaniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Konferensiya ishtirokchilari bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, “ustoz-shogird” an’anasining ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.