MARHUM SAN`ATKOR OTAJON XUDOYSHUKUROV "FIDOKORONA XIZMATLARI UCHUN" ORDENI BILAN TAQDIRLANDI
30 Aug, 2021 - 14:38
736
Mukofotlash to`g`risida
Prezidentimizning “Oʼzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʼttiz yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʼliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, sanʼat sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʼgʼrisida”gi farmonlari eʼlon qilindi.
Mukofotlanganlar orasida oʼzining oʼlmas qoʼshiqlarini meros qilib qoldirgan buyuk hofiz Qoraqalpogʼiston, Oʼzbekiston, Tatariston va Turkmaniston xalq artisti Otajon Xudoyshukurov ham bor. El sevgan sanʼatkor, qisqa va sermazmun hayotida qoldirgan milliy qoʼshiqchilik merosi va oʼzbek milliy sanʼatiga qoʼshgan ulkan hissasi uchun “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu xabar hofizning Toʼrtkoʼllik qarindoshlari, shogirdlari va muxlislariga katta quvonch bagʼishladi.
- Muhtaram prezidentimizga, oila aʼzolariga butun urugʼ aymogʼimiz, Qoraqalpoq, Xorazm xalqi nomidan hamda respublikamizdagi barcha Otajon Xudoyshukurovning muxlislari nomidan tashakkur aytib, koʼrsatgan hurmatlari uchun taʼzim qilamiz, - deydi Otajon Xudoyshukurovning singlisi Lola Ollashukurova.
- Buyuk ustozimizning mustaqillik bayramimiz arafasida “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlanishi bizni quvontirdi, qolaversa ustoz-shogird boʼlganimiz, shu bilan birga oilaviy yaqin boʼlganmiz, rahmatli otam bilan Otajon aka aka-uka, ustoz-shogird boʼlishgan. Davlatimiz marhum sanʼatkorlarni garchi oʼzlari boʼlmasada qilgan mehnatlarini ham siylab turibdi. Qilingan mehnat baribir qolib ketmas ekan, xalqimiz Otajon akani yaxshi koʼrar edi. Joylari jannatda boʼlsin ustozimizni. Sanʼatkorning umri oʼzi oʼtganidan keyin ham yashaydi deganlari shu boʼlsa kerak. Dunyodan oʼtib ketgan boʼlsalarda qilgan mehnatlari xalqimiz, davlatimiz tomonidan eʼzozlanayapti. Men juda xursand boʼldim – deydi Otajon Xudoyshukurovning shogirdi, Ixtisoslashtirilgan maqom sanʼati maktab internati direktori Аzamat Otajonov .
Otajon Xudoyshukurovning nihoyatda noyob ovozi bor edi. Uning buyuk hofiz boʼlib yetishishini ustozi Komiljon Otaniyozov ham faxr bilan aytib ketgan edi.
Eʼtibor bering, Otajon Xudoyshukurov “Qoraqalpogʼistonda xizmat koʼrsatgan artist” unvonini olganda 23 yoshda edi. 25 yoshida esa “Qoraqalpogʼiston xalq artisti” unvoniga sazovor boʼladi. “Oʼzbekiston xalq artisti” unvoni berilganida 33 yoshida edi. Yosh boʼlishiga qaramasdan oʼzining noyob ovozi bilan boshqa xalqlar qoʼshiq ixlosmandlari dilidan joy olib ulguradi. 1981 yil yaʼni 37 yoshida “Tatariston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlanadi. “Turkmaniston xalq artisti” unvoni berilganida u 49 yoshida edi. Ushbu raqamlarning oʼzi ham Otajon Xudoyshukurovning nihoyatda noyob ovoz sohibi va mumtoz qoʼshiqlarimizning mohir ijrochisi boʼlganidan dalolat beradi.
- Mana kechagina muhtaram prezidentimiz yurtdoshlarimizni Davlat mukofotlari bilan taqdirlaganlarini eshitib biz juda bir hayajonga tushdik. Oʼtgan ustozlarimizni xotirlab ularga davlat mukofotlarining berilishi bizni ruhlantirib yubordi, desak mubolagʼa boʼlmaydi. Rahmatli ustozimiz Oʼzbekiston, Qoraqalpogʼiston, Tatariston, Turkmaniston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori Otajon aka Xudoyshukurovning davlat mukofoti bilan taqdirlanganini eshitib juda hayajonga tushdik. Haqiqiy sanʼat, oʼlmas ovoz egasining dunyodan oʼtganlariga mana oradan ancha yillar boʼlgan boʼlsada, davlatimiz, prezidentimiz tomonidan mukofotlanishi bizni gʼururlantirdi, hozirgi kungacha yurtimizning har bir xonadonida ustozimizning qoʼshiqlari yangrab turibdi, bu koʼrsatilayotgan hurmatdan xursandmiz – deyishadi Otajon Xudoyshukurovning shogirdlari boʼlmish Oʼzbekiston xalq artistlari aka-uka Eshjonovlar.
Haqiqatan ham Otajon Xudoyshukurov oʼzining qisqa umri davomida oʼzbek sanʼatini yuqori choʼqqilarga koʼtardi. Navoiy, Ogahiy, Maxtumquli, Mashrab kabi koʼplab buyuk ijodkorlarning Haq, Yor, Ishq haqidagi asarlarini yuksak ijrosi bilan xalqimizning diliga joylab qoʼydi. Xalq diliga oʼrnashgan asarlarning esa bilamizki umri uzun boʼladi.