Xalqaro darajadagi muhokamalar ilm-fanga bagʻishlanadi

12 Dec, 2022 - 16:22
679
Xalqaro darajadagi muhokamalar ilm-fanga bagʻishlanadi

Axborot va matbuot xizmati

Bugun poytaxtimiz yana bir nufuzli xalqaro anjuman – Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumiga mezbonlik qilmoqda.

MDHga aʼzo davlatlardan 200 nafardan ortiq ijodkor va ilmiy ziyolilar qatnashayotgan mazkur yubiley forumi barcha ishtirokchilarning hamkorlikka va hamjihatlikka boʻlgan qatʼiy ishonch va intilishini yaqqol namoyon etmoqda. 

Sir emaski, butun dunyoda hanuz davom etayotgan pandemiya va global iqtisodiy inqiroz oqibatlari fonida yuzaga kelayotgan muammolar eng rivojlangan davlatlarni ham tang ahvolga solib qoʻyayotir. Dunyo tahlilchilari esa har bir davlat oʻz kelajagi kafolati sifatida  intellektual salohiyatli yoshlarni tarbiyalash ekanligini taʼkidlashmoqda. 

MDH davlatlarining ijodiy va ilmiy ziyolilari jam boʻlgan joriy Forum “Gumanitar hamkorlik: oʻttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari” mavzusiga bagʻishlangani ham bejiz emas, albatta. 

Ishonamizki, mazkur forum doirasida madaniyat va sanʼat, fan-taʼlim, adabiyot sohalari va yoshlar masalalariga oid alohida mavzular boʻyicha tashkil qilinayotgan munozara maydonlari bu yoʻnalishlarda oʻzaro tajriba almashish, istiqboldagi oʻzaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini belgilash, yangi gʻoya va loyihalarning boshlanishiga turtki beradi.

Zotan, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek,
Bu gulshan ichraki, yoʻqdur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur, chiqsa yaxshilik bila ot. 

Yaʼni bu dunyoda abadiy qolmoq mumkin emas, biroq yaxshi nom qoldirmoq katta saodatdir. Shunday ekan, ushbu Forum ham barchamizdan yaxshi nom qoldirish uchun xizmat qilsin.

Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash