Namangan shahrida ijodkor yoshlar ishtirokida madaniy tadbirlar o‘tkazildi
23 Nov, 2022 - 09:00
591
Axborot va matbuot xizmati
Joriy yilning 22-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Namangan viloyati Madaniyat boshqarmasi tashabbusi bilan Namangan shahrida yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, viloyat Madaniyat boshqarmasi tomonidan Namangan ixtisoslashtirilgan san'at maktabida “Yoshlar zavqi” konsert dasturi, Namangan ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabida “Yoshlar bizning kelajagimiz” shiori ostida konsert dasturi, Namangan shahar 11-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabida “Ilhom qanoti” deb nomlangan yoshlar ijodiy jamoasining maxsus konsert dasturi tashkil etildi.
Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘langan yurt!” shiori ostida viloyat musiqali drama teatrida Namangan shahar hududidagi mahallalarda yashovchi nuroniylarga dramaturg Nurillo Abbosxonning “Ibrat” nomli pe'sasi asosida sahnalashtirilgan “Ibrat” spektakli namoyish etildi.
Mazkur tadbirlarga jami 1350 nafar uyushmagan yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan hamda temir va ayollar daftariga kiritilgan aholi vakillari jalb etildi. Shundan, 850 nafari talaba va o‘quvchilar, 500 nafar jamoatchilik vakillari va nuroniylarning ishtiroki ta'minlandi. O‘tkazilgan madaniy tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining o‘rinbosari M.Madjidov hamda vazirlikning mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Hafta davomida vazir o‘rinbosari M.Madjidov hamda namanganlik madaniyat va san'at yo‘nalishidagi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.