Tarixdan andoza olishni unutyapmizmi?
21 Nov, 2022 - 16:43
819
Axborot va matbuot xizmati
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi “Bekobod sement AJ”ga qarashli Madaniyat uyining savdo markaziga aylantirilgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Garchi madaniy meros obyekti sifatida qayd etilmagan bo‘lsa-da, o‘z tarixiga, o‘ziga xos arxitekturaga ega ushbu inshootga bunday munosabat har qanday kishi dilini xira qilishi turgan gap.
Balki tashabbuskorlar bino qarovsiz holda bo‘lganini, shuning uchun ham uni tadbirkor ta’mirlab, aholiga savdo xizmati ko‘rsatish maqsadida ijaraga olganini, obyektdan unumli foydalanish nuqtai nazaridan bajarilgan ish to‘g‘ri, deya o‘zlarini oqlashar. Lekin nima uchun bu sa’y-harakat inshootning asl holatini yo‘q qilish evaziga bo‘lishi kerak? Nahotki shunday o‘ziga xos me’moriy qiyofani saqlab qolish haqida hech kim qayg‘urmagan bo‘lsa?!
Yoki shunday ezgu tashabbusni bevosita madaniyat rivojiga hissa qo‘shishga yo‘naltirsa bo‘lmasmidi?! Ya’ni binoni tadbirkorlar ko‘magi bilan mahalliy aholiga namunali madaniyat xizmati ko‘rsatadigan zamonaviy maskanga aylantirish ham mumkin ediku?! Ushbu maqsad ham, shubhasiz, odamlarni mamnun etgan bo‘lardi.
Shu kabi holatlar tarixga qayta va qayta murojaat qilishga undaydi. Buyuk Sohibqiron Turon o‘lkalarida vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, xalq madaniyati, ma’naviyati rivoji uchun xizmat qiladigan bino va inshootlarni barpo etishni hech qachon e‘tibordan chetda qoldirmagan.
Biz-chi? Gohida borini yo‘qlikka mahkum etyapmiz. Qaysidir ma’noda o‘tmishdan andoza olishni unutdik, nazarimizda.
Nima bo‘lganda ham Madaniyat uylari xalq madaniyati, ma’naviyati rivojiga xizmat qiladigan, yosh iste’dodlarni tarbiyalaydigan maskan bo‘lib qolgani maqsadga muvofiq. Bu tushuncha odamlar ongu tafakkuriga chuqur singishiga erishmagunimizcha shunday salbiy holatlar yuz beraveradi.
Madaniyat vazirligi Axborot va matbuot xizmati