18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
18 Nov, 2022 - 16:14
570
Axborot va matbuot xizmati
Ko‘ksimizni g‘ururga to‘ldirib hilpirayversin!
Mana o‘ttiz bir yildirki, jahon ayvonida O‘zbekiston yuzi, o‘zbek xalqi iftixori sifatida hilpirab kelayotgan bayrog‘imizda millatimiz g‘ururi mujassam.
Undagi har bir rang o‘z ramziy ma'nosiga ega, xalqimiz hayotidan hikoya qilayotgandek, go‘yo. Uning har hilpirashida o‘tmish, yurt erki uchun jon fido qilgan, xalqi ilmu ma'rifati yo‘lida borini bergan millat qahramonlarining fidokorligi va yorqin kelajagimiz aks etgan.
Bu bayroq hilpirashiga boqqan butun O‘zbekiston ahli o‘zining mustaqil Vatan, musaffo osmon, bag‘rikeng bir xalq farzandi ekanligini yanada teranroq his qiladi.
Hech shubhasizki, bayrog‘imizning dunyo arenalarida baland ko‘tarilishi har birimizning ko‘ksimizni cheksiz iftixorlarga to‘ldiradi.
Bayrog‘imiz borligiga shukronalar aytib, ko‘zga surtamiz.
Ona Vatan bayrog‘i hamisha yuksak-yuksaklarda erkin va mardonavor hilpirayversin! Toki, biz unga boqib erkin yurt farzandlari ekanligimizni unutmaylik! Bugungi kun barchamizga muborak bo‘lsin!
Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri