Xalqaro teatr festivali bo'lib o'tdi
15 Nov, 2022 - 19:23
650
Axborot va matbuot xizmati
Joriy yilning 7-14-noyabr kunlari Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligi kо‘magida MDHga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorlik bо‘yicha davlatlararo jamg‘armasi hamda Rossiya davlat teatr san’ati instituti tomonidan tashkil etilgan “Oliy ta'lim muassasalari xalqaro teatr san'ati" festivali bо‘lib о‘tdi.
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yuldashev boshchiligidagi institut Teatr san’ati fakulteti professor-о‘qituvchilari hamda talabalaridan iborat ijodiy jamoa tomonidan (Badiiy rahbar - Mustaqil Davlatlar Hamdо‘stligi xalqaro tashkilotining Madaniyat va san’at ta’limi bо‘yicha Jamoatchilik Kengashi a’zosi, professor Temur Rashidov) teatrlashtirilgan “Sharq yulduzi” tomoshasi namoyish etildi.
Buyuk о‘zbek mutafakkiri, ulug‘ shoir Alisher Navoiyning “Xamsa” asari asosida yaratilgan ushbu “Sharq yulduzi” teatrlashtirilgan tomoshada ezgulik, adolat, erk, muhabbat, dо‘stlik va vafo g‘oyalarini tarannum etiladi. Unda inson hissiyotlari, uning oliy orzu-maqsadlari haqidagi falsafiy mulohazalar sо‘z san’ati, musiqa va raqs sintezida yangi badiiy-semantik mazmun kasb etgan.
Umuminsoniy axloq kodeksi darajasiga kо‘tarilgan Alisher Navoiy she’riyatida jamlangan samimiylik va hayo, ma’naviy kamolot va ilmga intilish, xalq uchun doimiy g‘amxо‘rlik qilish g‘oyalari о‘zbek milliy mumtoz ashulalari, mumtoz kuylari va mumtoz raqslari bilan ziynatlangan holda tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan “Sharq yulduzi” teatr tomoshasi yuqori malakali mutaxassislar va talabalar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, olqishlarga sazovor bо‘ldi.
Festival yakunida o‘zbekistonlik san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan mazkur teatr tomoshasi Rossiya davlat teatr san’ati instituti - GITIS rektori Grigoriy Zaslavskiy tomonidan “Eng yaxshi teatr tomoshasi” diplomi bilan taqdirlandi.