Iste'dodlar doimo e'tiborimizda
15 Nov, 2022 - 14:25
545
Axborot va matbuot xizmati
Davlatimiz rahbari boshchiligida sohada olib borilayotgan ko'lamli ishlarni hatto ilg'ab olishga ham ulgurolmayapmiz. Bugungi tantanali tadbir esa shunday ulug'vor sa'y-harakatlarning yana bir xayrli natijasi bo'ldi.
“Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qo'shiqchilari” respublika tanlovi g'oliblariga qarab turib , o'zim ham 90-yillarda o'tkazilgan shunday tanlovdagi ishtirokimni esladim. O'shandagi hayajon, ustoz-san'atkorlarning biz yoshlarga bergan duolari hamon yodimda. Shukrki, bugun yana shunday ezgu an'analar qayta boshlandi.
O'zbek zamonaviy estradasini jahonga mashhur qilgan bebaho ovoz sohibi, estradamizning eng yorqin yulduzi Botir Zokirovning munosib izdoshlarini taqdirlash biz uchun ulkan sharaf.
Tanlov g'olibi, 1-o'rin sohibi qashqaryolik Qaytmasbek Ahmedovga diplom, statuetka, 30 mln. so'm, 2-o'rinni egallagan andijonlik Sevara To'lanovaga diplom, statuetka, 21 mln so'm, jizzaxlik Jasurbek G'aybullayevga 3-o'rin uchun ajratilgan 15 mln so'm, diplom , statuetka hamda ajoyib guldastalarni topshirar ekanman, O'zbek Estradasi bundanda yuksaklarga parvoz qilishi shubhasiz ekaniga amin bo'ldim.
Bunday ishonch va umidni, beqiyos quvonchni tadbirga kelgan barcha ustoz san'atkorlar, ayniqsa, ulug' san'atkorning yaqin do'sti, ukasi, O'zbekiston xalq artisti, estrada yulduzi ustoz san'atkor Farrux Zokirovning nigohlarida, yoshlarga atalgan ezgu tilaklarida ko'rdim...
Estrada qo'shiqlarini jon-dilidan sevgan barcha iste'dodlarga bundanda yuksak parvozlarni tilab qolaman!
Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri