O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dmitriyeva Eleonora 85 yoshda vafot etdi

08 Nov, 2022 - 16:15
535
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dmitriyeva Eleonora 85 yoshda vafot etdi

Axborot va matbuot xizmati

O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri Yetakchi sahna ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dmitriyeva Eleonora Ivanovna 85 yoshda vafot etdi. 

Eleonora Ivanovna 1937-yil 8-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1960-yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik institutini tamomlab, M.Gorkiy nomidagi Toshkent rus drama teatri truppasiga qabul qilingan.

Uzoq yillar davom etgan ijodiy faoliyati davomida serqirra ijodkor sifatida ko‘plab unutilmas rollarni ijro etdi. Eleonora Ivanovna insoniy his-tuyg‘ularni, kechinmalarni, qat’iyatlilik va xarakterning qat’iyligini yetkaza olishdek noyob iste’dod va mahoratga ega edi. Ayniqsa, fransuz dramaturgi Jan-Pyer Abuning “Oilaviy kechki ovqat” (sahnalashtiruvchi rejissyor B.Hamidov) spektaklidagi oilaning hukmdor, mag‘rur va o‘tkir uy bekasi obrazi aktrisaning eng yorqin rollaridan biriga aylandi.

Eleanora Ivanovnani tomoshabinlar yaxshi ko‘rishar, uning ishtirokidagi spektakllarga bayramga kelgandek tashrif buyurishar edi. Tashqi ko‘rinishi va latofati, noyob iste’dodi bilan har doim tomoshabinni o‘ziga jalb etadigan yana bir betakror mahorat egasi, go‘zal va nafosatli aktrisa san’at va bu yorug‘ olamni tark etgani barchamiz uchun qayg‘uli hodisadir.

Dmitriyeva Eleonora Ivanovnaning vafoti munosabati bilan Madaniyat vazirligi O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri jamoasi hamda aktrisaning oila a’zolariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash