Bugun Samarqand shahrida (ASIPREEC)ning navbatdagi yigʼilishi doirasida "Mualliflar va boshqa huquq egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularni hal etish mexanizmlari" mavzusida xalqaro konferensiya oʼz ishini boshlaydi.
10 Oct, 2022 - 14:05
620
Axborot va matbuot xizmati
Bugun Samarqand shahrida Sharq va Yevropa mamlakatlari mualliflar mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlarning Xalqaro assotsiatsiyasi (ASIPREEC)ning navbatdagi yigʼilishi doirasida "Mualliflar va boshqa huquq egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularni hal etish mexanizmlari" mavzusida xalqaro konferensiya oʼz ishini boshlaydi.
Аnjuman oldidan Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi B.Toshev mualliflik huquqi haqida oʼz fikrlari bilan oʼrtoqlashdi.
- Nafaqat yurtimizda, balki boshqa davlatlarda ham mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni xalqaro doirada himoyasini taʼminlash uchun ichki mexanizmlar, yaʼni huquqlarni boshqaruvchi turli tashkilotlarni tuzish va faoliyatini qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor beriladi. Shuni aytish kerakki, xalqaro doirada biron bir davlat idorasi, vazirlik, agentlik, qoʼmita yoki shunga oʼxshash tuzilmalar muallif va ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqarish bilan shugʼullanmaydi. Bunday faoliyat bilan huquq egalari oʼzaro ixtiyoriylik asosida tuzgan tashkilotlar shugʼullanadi.
Shunga koʼra, mualliflik huquqini bir mamlakat hududida, balki u butun dunyoda bir xilda himoya qilinishi uchun xalqaro konvensiyalar qabul qilingan. 1886 yilda buyuk mutafakkir va yozuvchi Viktor Gyugo tashabbusi hamda rahbarligida bir guruh Yevropa olimlari va ijodkorlari tomonidan “Аdabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish toʼgʼrisida”gi Bern konvensiyasiga asos solingan.
Mazkur konventsiya fan, adabiyot va sanʼat asarlari hamda ularning mualliflari huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan universal xalqaro shartnomalardan biridir. Bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq davlati ushbu konventsiyaning aʼzosi hisoblanadi. Mazkur konventsiyaning aʼzosi sifatida mamlakatimizda ham 2005 yil 19 apreldan boshlab ushbu tashkilot normalari qoʼllana boshlandi. Qarabsizki, biz xalqaro majburiyatga ham ega boʼldik. Shu maqsadda mualliflarning huquqlarini himoya qilish maqsadida mulkiy huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlar oʼz faoliyatini amalga oshira boshladi. Yaʼni, ushbu tashkilotlar katta huquq egalarining, jumladan yozuvchilar, shoirlar, olimlar, bastakorlar, kinorejissyorlarning mulkiy huquqlarini boshqarish va ularga tegishli boʼlgan mualliflik haqlarini yigʼish bilan shugʼullanishi mumkin. Lekin, oʼtgan vaqt mobaynida ayrim tashkilotlar maʼlum sabablarga koʼra oʼz faoliyatini davom ettira olmadi.
Mamlakatimizda sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, ularning mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqarishni samarali yoʼlga qoʼyish maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʼrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmonining 6-bandida koʼzda tutilganidek “Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” tashkil etildi va u qoʼllab-quvvatlanmoqda.
Taʼkidlash joizki, mualliflik huquqlarining buzilishi bugungi kunda oʼta dolzarb masalaga aylandi. Raqamli texnologiyaning rivojlanishi va internet tarmogʼi imkoniyati kengayishi bilan intellektual mulk ulkan tahdid ostida qoldi. Intellektual mulk obʼekti boʼlgan fan va adabiyot, sanʼat asarlari, filьmlar, fonogrammalar internet tufayli hammaning “qoʼli yetadigan” “matoh” boʼlib qoldi.
Jahonning barcha davlatlarida intellektual mulk davlat tomonidan himoyalanadi. Yurtimizda ham mualliflik huquqi muhofazasiga qaratilgan qator qonun hujjatlari bor. Xususan, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 19, 39-moddalarida muallifning asaridan foydalanilganlik uchun mualliflik haqining toʼlanishi xususida huquqiy normalar keltirilgan. Shunga koʼra, mualliflik haqi miqdorlari bugungi kunda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini ragʼbatlantirish boʼyicha qoʼshimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Fan, adabiyot va sanʼat asarlari nashr etilganligi uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari” bilan belgilangan.
Mualliflik asarlaridan foydalanganlik uchun mualliflik haqining toʼlanishi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʼgʼrisida”gi Qonunning 4-bobida keltirilganidek, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarishga moʼljallangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bu nodavlat notijorat tashkilotlar boʼlib, oʼzining nizomi asosida ish koʼradi. Qonunga koʼra, bunday tashkilotlar muallif bilan shartnoma asosida ishlaydi va mutasaddi davlat organi tomonidan nazorat qilinadi.