Qalbimiz, ruhimiz, ong-u shuurimiz me’morlariga hamisha ta’zimdamiz!
30 Sep, 2022 - 20:40
414
Axborot va matbuot xizmati
Bolaligimizdanoq qalbimizga ezgulik urug‘ini ekkan, bizga dunyoni tanitish asnosida bor mehrini bergan aziz ustozlar, siz davlatimizning ishongan ustunlaridan biri, tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning vijdonisiz! Umrimiz davomida sizlarni qancha e’tirof etsak, sizlarga qancha ehtirom ko‘rsatsak-da, mashaqqatli mehnatingiz bir zarrasi bahosiga teng kelmaydi. Lekin hamisha hurmatimizni eng go‘zal so‘zlar orqali ifoda etishga intilaveramiz. Bundan sharaf tuyamiz. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘qituvchi – zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxs, maktab esa bilim va ma’rifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskan. Shu tabarruk maskanlarda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, kreativ fikrlaydigan, dunyoqarashi keng barkamol yoshlarni voyaga yetkazayotgan fidoyi o‘qituvchilarimiz mehnati tahsinga loyiq. Ta’lim-tarbiya jamiyatning har tomonlama taraqqiy topishida muhim omil bo‘lib xizmat qilar ekan, bunda sizning mas’uliyatingiz ikki karra ortiqdir. O‘ylaymizki, ta’limda sochi oqargan ustoz muallimlarimiz va yosh pedagoglarimiz buni teran anglab, mehnat qilishyapti va bu besamar ketmaydi. Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sizning zahmatli mehnatlaringizni, albatta, oqlaydi. Takror-takror aytamizki, siz qalbimiz, ruhimiz, ong-u shuurimiz me’morisiz! Bizga bergan mehringiz, ilmu irfoningiz oldida qarzdormiz va doimo ta’zimdamiz. Kasb bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!
Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vaziri