Qodiriy izdoshlari bilan uchrashdik

26 Sep, 2022 - 15:51
406
Qodiriy izdoshlari bilan uchrashdik

Axborot va matbuot xizmati

O‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy asarlarini mutolaa qilgan kishi borki, o‘sha davr ruhi bilan birga, ulug‘ adibning Vatan va millat taqdiri haqida qanchalar qayg‘urganini, jamiyatdagi muammolarning asl ildizi ilmsizlik ekanini ta’kidlab, elni ma’rifat yo‘liga boshlaganini teran his etadi. Jadid bobolarimiz orzu qilgan erkinlik, istiqlol, ilm-ma’rifat yo‘li va keng imkoniyatlar davri ayni bugungi avlodga nasib etgani katta baxtdir. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarning puxta bilim olishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratib berilayotgani quvonarlidir. Xususan, yangi turdagi ta’lim maskanlari – Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani iqtidorlarni kashf etish, millat taraqqiyotiga hissa qo‘shishni o‘zining farzandlik burchi, deb biladigan vatanparvar kadrlar tayyorlashning mustahkam poydevoriga aylandi. Albatta, bularning qadriga yetish, bildirilgan ishonchni oqlash mas’uliyati ham ulkan. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga tashrif buyurib, iste’dodli o‘g‘il-qizlar, ta’bir joiz bo‘lsa, Qodiriy izdoshlari bilan yuzma-yuz muloqot qilganimizda shular haqida fikrlashdik, ulardan xalqimizning, Vatanimizning umidi katta ekanini ta’kidladik. O‘z navbatida, ta’lim dargohi musiqa xonasidagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdik. Ochig‘i, o‘quvchilarning ilm olish, ijod qilish bilan birga, milliy cholg‘u asboblarini chalishni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib, juda quvondik. Bu borada takliflarimizni ham aytdik. Qalbi qaynoq, ko‘zi chaqnab turgan yoshlarga muvaffaqiyat va ijodiy parvozlar tilab, yana uchrashish istagi ila xayrlashdik.

Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vaziri

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash