Qo‘shtepaliklar uchun tuhfa
15 May, 2022 - 13:33
513
Axborot va matbuot xizmati
Bugungi kunga kelib mamlakatimizda aholining madaniy hordiq olishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar ko‘lami sezilarli darajada ortdi.
Xususan, madaniyat va san’at sohasi vakillari tomonidan taqdim etilayotgan konsert dasturlari, o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari, ayniqsa, yangi Madaniyat markazlarining qurilayotgani e’tiborga molik.
Qo‘shtepa tumanida zamonaviy qiyofa kasb etgan Madaniyat markazining foydalanishga topshirilishi ham fikrimizga yaqqol misol bo‘lib, bu hudud aholisi uchun chinakam bayramga aylandi.
Ushbu maskan xalqimiz xursandchiligiga, madaniy hordiq chiqarishiga, yoshlarning turli to‘garaklarda qatnashib, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga xizmat qiladi.
4,5 milliard so‘m mablag‘ sarf etilgan markaz “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 3 ming 600 dan ziyod aholi bilan birgalikda tumandagi 14 ta mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun ham faoliyat ko‘rsatadi.
Markazda 440 o‘rinli tomosha zali, raqs, musiqa, estrada yo‘nalishlarida 10 dan ortiq to‘garaklarga 200 dan ziyod yoshlar jalb etiladi.
Kelgusida Madaniyat markazi hududida muzey ham tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Bularning barchasi “Inson qadri uchun” degan tamoyilning hayotiy ifodalaridir.
Ozodbek Nazarbekov,
madaniyat vaziri