"Boysun bahori" da jamlangan "xazina"lar
08 May, 2022 - 09:28
502
Axborot va matbuot xizmati
"Boysun bahori" da jamlangan "xazina"lar
Barchangiz guvohi bo‘lganingizdek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz ko‘plab yirik xalqaro anjumanlar, forumlar, ilmiy konferensiyalar va san’at bayramlariga mezbonlik qilmoqda.
Bu yurtimiz mehmonlariga boy tariximiz, ilmiy-ma’rifiy, moddiy va nomoddiy madaniy merosimiz, betakror madaniyat va san’atimizni namoyon etish barobarida Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan jadal islohotlarning natijalari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratmoqda.
Surxon zaminida o‘tkazilayotgan "Boysun bahori" Xalqaro festivali ham xalqimizning o‘ziga xos folklor san’ati, xususan, xalq dostonlari, hunarmandchiligi, milliy liboslari va xalq o‘yinlari, qadriyatlari, urf-odat va an’analarini o‘zida aks ettirmoqda.
Unda dunyoning turli davlatlaridan 200 dan ortiq san’at va madaniyat arboblari, xalq ijodiyoti namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlarining borligi kishiga katta shijoat bag‘ishlaydi.
Bu bebaho madaniyat durdonalari insoniyatni ezgulik, yaratuvchanlik, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik g‘oyalari, oliyjanob maqsad-muddaolar, ulug‘vor niyatlar atrofida jipslashtiradi.
Bugun jadal suratlarda globallashayotgan bir davrda azaliy qadriyatlar tarannumi sifatida maydonga chiqayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali og‘zaki she’riy ijodiyot, xalq dostonlari, hunarmandchilik, milliy liboslar va xalq o‘yinlari, qadimiy urf-odatlarni targ‘ib etishi bilan ahamiyatlidir.
YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi XVI sessiyasi (2021 yil, Parij shahri) doirasida Baxshichilik san’ati O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementi sifatida Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani ham alohida diqqatga sazovordir.
O‘zbekistonning har bir hududi o‘z folklori – libosi, aytimlari, yor-yor, o‘lanlariga ega. Bugun ana shu asriy qadriyatlarning uyg‘onishiga yana bir bor guvoh bo‘lamiz.
Festival davomida xalqimizning turmush tarzi, urf-odatlari, ularning sehriyu jozibasi bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.
Shuningdek, xalq amaliy san’atining hududimizga xos “oq en”, “to‘dagul”, “qo‘chqorshoh”, “g‘ajari” singari gilamlarni, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi san’atini, chanqovuz, do‘mbira kabi musiqa asboblarini alohida e’tirof etish lozim.
Izlanuvchan xalqimizning sa’y-harakati bilan qayta tiklangan nafis buyumlar festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmaga zeb berayotir.
Bir so‘z bilan aytganda, ayni paytda, Boysun xalqaro madaniyatlar, urf-odat, an’anayu qadriyatlar to‘qnashgan makonga aylangan. Unda jamlangan noyob durdona asarlar, betakror ijro va qadriyatlar aks etgan hunarmandchilik namunalarini chinakam xazina deyish mumkin.
Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri