9 aprel – buyuk Sohibqiron tavallud topgan kun!

09 Apr, 2022 - 10:00
533
9 aprel – buyuk Sohibqiron tavallud topgan kun!

Axborot va matbuot xizmati

Butun Movarounnahrni yagona tug‘ ostida birlashtirib, markazlashgan, kuchli davlat barpo etgan ulug‘ ajdodimizning tavallud sanasi har yili munosib nishonlanadi. 

Jahonga buyuk Sohibqiron nomi ila tanilgan Amir Temur hukmronligi davrida  ilm-fan, (https://telegra.ph/file/feba57282b63903ca06d4.jpg) madaniyat, islom dini rivojiga katta e’tibor qaratgani, mahobatli imoratlar, maktabu madrasalar, yo‘llar qurdirgani, go‘zal bog‘lar yaratgani hamda xalq farovonlikka erisha boshlaganiga tarix guvoh.

Turon zaminini yovlar zulmidan xalos etgan bobomiz madaniyat va san’atni yuksak qadrlab, o‘zining badiiy asarlar majmuasiga ega bo‘lganligi, turli mashshoqlar, suxandonlar, haykaltaroshlar, bog‘bonlar, rassomlar jahonning turli davlatlaridan uning saroyiga to‘planganini tarixchi olimlar o‘z solnomalarida qayd etishgan. Shuningdek, qaysi bir mamlakatga borsa, albatta, u yerdagi eng ulkan va chiroyli binolarning tarixiga qiziqqan.

Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini chuqur o‘rgangan. 

Xususan,  ulug‘ sarkarda bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarni eng murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.

Buyuk ajdodimiz haqida bu kabi ta’rifu tasniflarni uzoq davom ettirish mumkin. Birgina “Temur tuzuklari” va bobomiz qurdirgan salobatli binolarning o‘zi Amir Temurning buyukligidan dalolat beradi.

Ana shunday ajdodlarning avlodi ekanimiz esa bizga ham sharaf, ham mas’uliyatdir.

Ozodbek Nazarbekov,
Madaniyat vaziri

Madaniyat.uz (http://www.madaniyat.uz/) | Telegram (https://t.me/madaniyatvazirligi) | Facebook (https://www.facebook.com/madaniyat.uz/) | Instagram (https://www.instagram.com/madaniyatvazirligi/) | YouTube (http://youtube.com/channel/UCYTQJhNSqcT8dvDMSD8GwaQ)

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash