Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazakov madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
26 Oct, 2023 - 11:56
320
Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmati) bo'limi
Uchrashuvda dastlab madaniyat tizimida ijod qilib, viloyat nomini butun dunyoga tanitgan ustoz san’atkorlar yodga olindi. Shu qatorda, ayni paytda, o‘z ijodi bilan xalqimiz ko‘nglidan joy egallagan soha fidoiylari e’tirof etildi.
Bugungi kunda, viloyatda madaniyat va san’at sohasi yo‘nalishida 1 ta teatr, 2 ta ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktabi, 22 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi viloyat bo‘limi, Namunali maqom ansambli, 1 ta viloyat Ko‘zi ojizlar kutubxonasi va uning hududlardagi 12 ta filiali, 14 ta tuman madaniyat bo‘limi, 81 ta madaniyat markazi, 12 ta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat ko‘rsatmoqda. Soha vakillari safida yuksak davlat mukofotlari sohiblari yil sayin ko‘payib bormoqda.
Uchrashuvda raqs to‘garagi va boshqa yo‘nalishlardagi qamrov sonini oshirish, ulardagi o‘quvchilar va ustozlarni tuman, viloyat, respublika ko‘rik tanlovlariga olib chiqish hamda bunda mavjud muammolar masalasi xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, viloyat hokimi hozirda san’at sohasiga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr bildirilib, berilayotgan ushbu imkoniyatlardan soha vakillari unumli foydalanishi lozimligi ta’kidlandi.