Har bir o‘zbek sportchisi xalqimiz faxridir!
10 Oct, 2023 - 12:34
445
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX Osiyo o‘yinlarida ishtirok etib, yuksak natija: 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medalga sazovor bo‘lgan sportchilarimizni Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali kutib oldik.
Vatanimiz sharafini himoya qilib, yana bir karra bayrog‘imiz baland hilpirashi, madhiyamiz jahon maydonida yangrashi, O‘zbekistonimizning 45 mamlakat orasida faxrli beshinchi o‘rinni egallashiga hissa qo‘shgan yoshlarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, Davlatimiz rahbarining “2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizning puxta va samarali tayyorgarlik ko‘rishlari, jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishlariga poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Xalqaro maydonda har bir davlatning eng kuchli deya tan olingan 11 ming nafar sportchilari orasidan bu kabi natijalarga erishish zamirida ota-onalarning farzandlarini qo‘llab-quvvatlashi, murabbiylarning mashaqqatli mehnatlari, sportchilarimizning kuchli iroda va qat’iyatlari mujassam, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zbek sportchilarining qo‘lga kiritayotgan har bir g‘alabasi nafaqat qalblarimizni g‘urur va iftixorga to‘ldiradi, balki o‘sib kelayotgan yosh avlodga Vatanni sevish, ardoqlash va sharaflashni o‘rgatadi, motivatsiya beradi.
Xalqimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlashda davom eting, aziz sportchilar!
Siz o‘z ajdodlariga munosib avlod, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlariga esa chinakam ibratsiz!
Yuksak g‘alabangiz muborak va bardavom bo‘lsin!
Madaniyat vaziri
Ozodbek Nazarbekov