Yusufjon qiziq Shakarjonov: “Kurashda g‘olib bo‘lish uchun kalla ham kerak...”

24 Aug, 2023 - 21:25
562
Yusufjon qiziq Shakarjonov: “Kurashda g‘olib bo‘lish uchun kalla ham kerak...”

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Askiya  xalqimizning betakror, faqat o‘zigagina xos bo‘lgan noyob san’at turidir. Har birimizdagi milliy g‘urur tuyg‘usini  bir chertib o‘tadigan jihati shuki,  zukkolik, topqirlik, aqllilik, donolikning belgisi bo‘lgan askiya olimlarimizning e’tirof etishlaricha boshqa hech bir xalqda uchramaydi. To‘g‘ri san’at millat tanlamaydi, har bir millatning o‘z qo‘shig‘i, hatto qiziqchilari bor, lekin askiyachilari yo‘q! Afsuski shunday noyob san’at turi asta-asta unutila boshlagan edi...

Garchi 2014-yilda Askiya san’ati “ Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi” reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da...

Lekin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori  bu borada hayotini shu sohaga bag‘ishlagan san’atkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi.  Tabiatan san’atsevar, shoirtabiat, beg‘ubor, samimiy kulguga o‘ch o‘zbek xalqining dilidagini ifodalagan ushbu qarorga ko‘ra, endi  sohada faoliyat olib borayotgan taniqli ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.  Ya’ni so‘z ustalari va qiziqchilar, askiyachilar uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratiladi. Ular ishtirokida har yili “Xush kayfiyat” respublika tanlovi hamda askiya kechalari, ikki yilda bir marta “Tabassum ” Xalqaro kulgu festivali o‘tkaziladi. Ularda albatta Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon askiyachilik  maktablarida faoliyat olib borgan va hozirgi kunda ham davom ettirayotgan Muhiddin Sultonov, Jumavoy Xurramov, Jo‘raxon Po‘latov, Ikromjon Mamasiddiq Shiryaev, Abdurahmon Qulmatov, Inomjon Mirkarimov, Hotam Hakimjonov, Shuhrat Yusupov, Jamoliddin Yusupov kabi so‘z ustalari, qiziqchilar va askiyachilar faol ishtirok etishadi. Ular ham ustozlari Zaynobiddin va Madaminjon  Yusupov, Muhiddin Darveshovdan o‘rganganlarini shogirdlariga o‘rgatishadi. 

Endi bu ustozlarning ustozi, O‘zbekistonda qiziqchilik san’ati, askiya janri rivojiga  barakali hissa qo‘shgan zakiy so‘z ustasi, serqirra ijodkor  Yusufjon qiziq Shakarjonov haqida ...

Eronlik polvonni yiqitgan qiziqchi
Yusufjon qiziq 1859-yilda Marg‘ilonda tug‘ilgan. U  layoqatli farzand  sifatida padari buzrukvori Shakarjon otaning umidi,  ishonchini qozongani shubhasiz. Zero, Yusufjon  haqidagi ma’lumotlarda shunday satrlar bor: “O‘zbek teatrining yirik namoyandasi, raqs san’atining ustasi, O‘zbekiston xalq artisti...”

U dastlabki saboqlarni 1881– 88-yillarda Zokirjon qiziq boshchiligidagi qo‘qonlik qiziqchilar  to‘dasidagi Sa’di Maxsumdan oladi. 3-4 yil ichida to‘da tarkibida butun Farg‘ona vodiysini aylanib chiqar ekan, xalq uni teatr, sirk tomoshalarida boshlovchi, qiziqchi, muqallid, hajviya, kulgi hikoyalar ustasi sifatida sevib qoldi. Yusufjon ayniqsa yoshlar bilan ishlashni yoqtirar, bilganlarini, qiziqchilik, raqqoslik, korfarmonlik-boshlovchilik, tashkilotchilik sirlarini o‘rgatar edi. Uni har qanday jamoaga bajonidil qabul qilishar, uning topqirligi, hozirjavobligi, bilag‘onligi tufayli harqanday tomosha maroqli o‘tardi.  Yusufjon qiziq 1904 yilda Toshkentdagi Mullaboy Mansurov sirkida Ortiq qiziq, Sobir qori, Qodir qiziq, Karim Zaripovlar bilan birga Samarqand, Farg‘ona vodiysi, Turkiston, Avliyo ota, Pishpakda bo‘lib o‘zbek qiziqchiligi, xalq raqslarini namoyish etadi. Shu yillarda Qashqarda qator komediyalar; “Kelin tushirish”, “Bola o‘qitish”, “Mamayusuf”, “Surat ko‘rsatish” kabi qator komediyalar namoyishiga bosh-qosh bo‘ladi. Tinib- tinchimas qiziqchi endi o‘zi Marg‘ilonda qiziqchilar to‘dasini tuzadi. 36 kishidan iborat qiziqchilar to‘dasining chiqishlarini aholi doim katta qiziqish, zavq-shavq bilan tomosha qilishar edi. Keyinchalik, yana bir sirk uyushmasi bilan Buxoroga, keyinchalik Sankt-Peterburgga yo‘l oladi. Rus baleti, ruslarning sirk san’atini kuzatib shrganadi, masxaraboz Anatoliy Durov bilan tanishadi. U Filip Yupatovning Andijon va Toshkentdagi chodir sirkida qiziqchi do‘stlari bilan turli komediyalarni namoyish etishadi. 

Bir safar, nevarasi Shuhrat Yusupovning hikoya qilishicha eronlik polvonning tomoshasida ishtirok etar ekan, davrada polvonga bas keladigan odam topilmay qolibti.  Davraboshining qayta-qayta “Polvonga bas keladiganlar bormi orangizda” degan xitoblari malol kelib, “Bor, men chiqaman u bilan kurashishga” debti.

Yonidagi do‘stlari esa, “Xoy, shashtingdan qayt, buning gavdasini ko‘ryapsanmi? Sen uning oldida ancha kichiksanku” degan so‘zlariga “Yengish uchun faqat kuch emas, “kalla” ham kerak” debti kulib. Mahalliy aholining hayrat bilan tomosha qilayotganidan g‘ururlangan polvon Yusufjon qiziqning ustamonligini payqamay qolibti. U cholvorini tortib kiygunicha Yusufjon uni yerga qulatib g‘olib bo‘lgan ekan. Shunday qilib, Amir Olimxonning g‘olibga atagan pul mukofoti unga nasib etibti. Eronlikni yenggan o‘zbek yigitining g‘alabasidan g‘ururlangan Amir Alimxon unga yana  bir mukofotni, zarbof to‘nini hadya etgan ekan...

Usta Olim Komilovga doira, Tamaraxonimga raqs sirlarini o‘rgatib...
1918-yilda u yana qiziqchilar to‘dasini tashkil etadi. Uning tarkibida bir qator iqtidorli qiziqchilar bilan birga Mamatbuva , Xudoybergan ismli hofizlar, Otaxo‘ja raqqos, doirachi Usta Olim Komilov, Tamaraxonim faoliyat ko‘rsatishgan. U Tamaraxonimga o‘zbek raqsining sirlarini, Usta Olim Komilovga doira chalishning 92 usulini o‘rgatgan. 1920-yilda Yusufjon qiziq to‘dasi targ‘ibot poezdida O‘zbekiston bo‘ylab xizmatda bo‘ladi. Keyinroq, Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi O‘zbek davlat etnografik ansamblda qiziqchi, cholg‘uchi, raqqos sifatida faoliyat ko‘rsatgan. “Qari navo”, “Sarboz”, “Kema o‘yin” raqslarini sahnalashtirishda ishtirok etgan. Uning Cho‘lpon bilan hamkorligiyu, 1930 yildagi Moskvadagi san’at olimpiadasidagi ishtirokining o‘zi bir tarix. Usta Olim Komilov va Tamaraxonimning shu olimpiadada juda katta e’tirof, mukofotga sazovor bo‘lishida ham uning xizmatlari beqiyos bo‘lgan.

Shunday qilib, umrini san’atga bag‘ishlagan O‘zbekiston xalq artisti, serqirra ijodkor, qiziqchilik, askiya san’atining bilimdoni Yusufjon qiziq urush va urushdan keyingi murakkab davrlarda ham doimo xalq xizmatida bo‘ldi, ayniqsa sobiq mustamlaka yillari, sobiq sovet davrlaridagi qiyin vaziyatlarda ham rost so‘zni aytishdan, qiziqchilik sirlarini yoshlarga o‘rgatishdan to‘xtamadi. Umrining oxirigacha xalq xizmatida bo‘ldi. O‘zidan keyin uning ishini o‘g‘illari Zaynobiddin va Madaminjon Yusupovlar, Muhiddin Darveshov, Mamasiddiq Shiryaevlar davom ettirdi. Hozirgi kunda nabiralari Jamoliddin Yusupov, Shuhrat Yusupovlar ham ota-bobolari ishini davom ettirmoqda, Farg‘ona, Marg‘ilon madaniyat bo‘limlarida faoliyat olib borishmoqda...

Sayyora Rixsiyeva

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash