Madaniyat vaziri xorijga o‘qishga yo‘l olayotgan yoshlar bilan uchrashdi
09 Aug, 2023 - 00:20
782
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Joriy yilning 8-avgust kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2023-yildagi birinchi ochiq stipendiya tanlovida g‘olib bo‘lib, ta’lim olishga yuborilayotgan yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvda ishtirok etgan 3 nafar talaba kinemotografiya, kreativ mediya va manbashunoslik yo‘nalishida tahsil olish uchun yaqin kunlarda xorijga jo‘nab ketadi.
Jumladan, Izzat Abdullayev Respublika musiqa va san’at kollejini tamomladi. U Amerikadagi kino va televideniye yo‘nalishida ta’lim beruvchi 11 ga yaqin universitetga o‘qishga kirdi. U Templ universitetini tanladi va endi 4 yil davomida Kino va media art yo‘nalishida tahsil oladi. Izzat o‘zbek kinosanoatida ehtiyoj katta bo‘lgan CGI texnologiyalarini o‘rganib, soha rivoji uchun hissa qo‘shishni maqsad qilgan.
“Kino va media san’ati dasturi doirasida men nazariya va amaliyotga asoslangan ko‘nikmalarimni rivojlantiraman. Kurs, yuqoridagi mavzular bilan bir qatorda, tasvir yaratish va yangi texnologiyalarning asosiy nazariyalarini, shuningdek, media san’ati va madaniyatini shakllantiruvchi ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarni qamrab oladi. Shuningdek, men media ishlab chiqarishning barcha jabhalari bo‘yicha amaliy kurslar orqali o‘z ijodiy tajribamga ega bo‘laman va eng zamonaviy professional kameralardan foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘laman.
Dastur - talabalarga o‘qishlarini to‘rtta konsentratsiyadan biriga yo‘naltirish imkoniyatini beradi: Kinematografiya (operatorlik), post-prodakshn, rejissyorlik va kino tanqid”, deydi Izzat Abdullayev.
Tanishuv jarayonida vazir Izzatning juda muhim va mamlakatmiz kinosanoati uchun muhim yo‘nalishni tanlaganini ta’kidladi:
“O‘zbek kinosanoati bu kabi zamonaviy kinotexnologiyalarga muxtoj. Bugun tomoshabin, aytaylik, bolalar, o‘smirlar qanday kontent tomosha qilyapti? Ularga nimalar qiziq? Albatta, xorijiy kinomahsulotlar. Biz nima taklif qilyapmiz? Ular bolalarimizga qiziqmi? Yo‘q, afsuski! Biz bolalarimiz ongu tafakkuri uchun mas’ul o‘laroq, ularning talabiga javob bera oladigan kinomahsulotlar yarata olmayotganimizdan tashvishdamiz. Kinosanoatda texnologiya bir joyda qotib qolmayapti, rivojlanyapti kundan-kun. Biz esa ancha ortda qolib ketganmiz. CGI texnologiyalarini sotib olib o‘rnatib qo‘yishga qurbimiz yetishi mumkin. Lekin uni biladigan grafika mutaxassisi bormi? Yo‘q, afsuski! Ana, muammo qayerda?!
Men sizning ushbu yo‘nalishni o‘rganishni maqsad qilganingizdan xursandman. Bu yo‘lda bizdan nimaiki yordam kerak bo‘lsa, yordamga tayyormiz”.
Shohnigor O‘lmasova bu yil Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutini tamomladi va imtihonlardan o‘tib, Nyu-York universitetining Tishch san’at maktabiga magistraturaga o‘qishga qabul qilindi. U AQSHda interaktiv media dasturi bo‘yicha o‘qimoqchi.
“Butun dunyoda interaktiv media rivojlanib bormoqda. Men buni san’at yo‘nalishida qanday tatbiq qilinayotganini o‘rganmoqchiman. Bu odamlarni o‘ziga jalb qiluvchi, ularga interaktiv uslubda bilimlar beruvchi metod. Aytaylik, muzeylar, teatrlar, art galereyalarda foydalanish mumkin. Bizda bu boradagi o‘zgarishlarni maqtanarli, deb bo‘lmaydi. Asosan eski, odamlarni qiziqtirmaydigan yo‘nalishda faoliyat yuritishadi. Men san’at yo‘nalishida ushbu bilimlarni o‘rganib kelishni maqsad qildim”, deydi Shohnigor.
Vazir O.Nazarbekov Shohnigorning bu boradagi tanqidiy fikrlarini qo‘llab-quvvatlar ekan, “Katta vazifani maqsad qilibsiz. Bu juda yaxshi. Zamon bilan qadama-qadam yurmagan, o‘zini isloh qilmagan soha rivojlanish ortda qoladi.
Interaktiv media O‘zbekistonda qariyb mavjud emas. Chunki bu yangi yo‘nalishdan bexabarlar ko‘p. Boya aytganimdek, hozirgi avlodni hayratlantirib, eski uslublar bilan qiziqtirib bo‘lmaydi. Biz esa konservativ yo‘l bilan yoshlarni tarbiyalamoqchi, o‘rgatmoqchi bo‘lamiz. Bu samarasi kam uslub. Siz bu yo‘nalishni yaxshilab o‘rganing, do‘stlarni chorlang, san’nat va madaniyatni rivojlantirishga maqsadi bor tengdoshlarni to‘plang. Biz imkonimiz qadar yordam beramiz, qo‘llab-quvvatlaymiz”, dedi vazir.
Bu yil Fransiyada magistraturani tamomlagan Feruza Mahmasobirova o‘qishni Aix Marsielle Universitetining doktorantura bosqichida islom tarixi va manbashunoslik bo‘yicha davom ettirishga qaror qildi. Muloqotda u muzey marketingiga qiziqishlari bor ekanini, Luvrda bu yo‘nalishni o‘rganayotganini aytdi.
“Yurtimizda islom tarixi va manbalarning o‘rganilmagan katta xazinasi mavjud. Bularni tatbiq qilish, kim ekanimiz, tarixiy merosimizni o‘rganish katta maqsadlarimdan. Mavjud holatdan ko‘nglim to‘lmaydi. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Bor osori-atiqalarimizni dunyoga ko‘rsata olishda oqsayapmiz. Aytaylik, Buxoro, Xiva, Samarqand va boshqa shaharlarimizda tarixiy obidalarimiz savdo maydonchasiga aylanib qolgandek. Tarix uchun juda muhim bo‘lgan burchaklar yoki xonalarda mayda-chuyda sotib o‘tirishadi. “Bu madrasada talabalar ta’lim olgan”, deymiz. Lekin bir qarashda informatsiya beradigan, tasavvur hosil qiladigan ma’lumotlar yo‘q. “Podacha”miz ibtidoiy. Interaktiv mediadan umuman foydalanmayapmiz. Buni menga fransiyalar mutaxassislar ham aytdi sayohatlarda. Muzeylarni gapirmasa ham bo‘ladi. Luvrni ko‘ring, bitta Mona Lizaning marketingi mamlakaga nechi million sayyoh va pul olib kelyapti. Termiz tarixi bo‘yicha ilmiy izlanishlarni yakunlab, muzeylar faoliyatini yana rivojlantirish, zamonaviylashtirish bo‘yicha tajribamni O‘zbekistonga tatbiq qilmoqchiman”, dedi Feruza Mahmasobirova.
Muloqotda vazir yoshlarning o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha fikr-mulohazalari, rejalari va takliflarini tinglab, bundan buyon bu kabi muloqotlarni turli platformalarda doimiy yo‘lga qo‘yishni ta’kidladi.
“Men yoshlar bilan ishlashni, ularni tinglashni yoqtiraman. Chunki barcha kashfiyotlar qoliplardan yiroq, erkin fikrlovchi yoshlardan chiqadi. O‘ylaymanki, bu yog‘iga muloqotlarimiz doimiy va uzluksiz bo‘ladi. Vatanni faqatgina siz kabi maqsadi ezgu, niyati pok yosh kadrlar yuksaltiradi. Boshqa yo‘l yo‘q. Prezidentning siz kabi iste’dodli, bilimga chanqoq, vatanga nafi tegishdan samimiy zavq oladigan yoshlarga e’tibor berayotganining, maxsus jamg‘armalar ochib, mablag‘ ajratib, chetga yuborayotganining sababi ham shu. Bilaman, qaytib kelsangiz, sizga oson bo‘lmasligi, qiynalishingiz mumkin. Lekin bu bolalarimiz, bizdan keyingi avlod uchun juda muhim! Ana shunday mas’uliyatni yelkaga olib, katta yo‘lga chiqdingiz. Biz buni qadrlaymiz va yoningizdamiz!”, dedi vazir O.Nazarbekov.