O‘zbekistonni sog‘ingan Boku. Madaniyat kunlari o‘z nihoyasiga yetdi
04 Aug, 2023 - 16:44
760
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Ikki mustaqil davlat – O‘zbekiston va Ozarbayjon 1995-yilning oktabr oyida diplomatik munosabatlar o‘rnatgan bo‘lsa-da, ikki qardosh xalqning o‘zaro do‘stligi, ayniqsa, madaniyat, san’at, adabiyot borasidagi aloqalar tarixi qadim tarixga ega. Yurtimizda doim Nizomiy Ganjaviy, Fuzuliy, Nasimiy she’ru g‘azallari sevib mutolaa qilinadi. Muslim Magomayev, Zeynab Xanlarova, Sami Yusuf va boshqa bir qator zamonaviy qo‘shiqchilarning yurtimizda ixlosmandlari ko‘plab topiladi.
O‘z navbatida ozarbayjonliklar ham o‘zbek xalqining boy tarixi va madaniyatiga, jahon va islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan salmoqli hissasiga katta hurmat bilan yondashadi. Ikki qardosh xalqning madaniyati va san’ati asrlar davomida yonma-yon rivojlanib, bir-birini o‘zaro boyitib va to‘ldirib kelmoqda. Buning samarasida o‘zbek va ozar xalqlarining nasr va nazm san’ati shaklan, g‘oyaviy va mazmunan hamohanglashib, bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan.
Joriy yilning 1-4-avgust kunlari go‘zal Boku shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari bu qiziqish va hurmatning nechog‘lik yuksak ekanini yana bor isbotladi.
Ta’kidlash kerakki, madaniyat kunlari doirasida o‘tkazilgan barcha tadbirlar o‘zgacha shukuhda, fayzli kechdi. Qardosh ozarbayjonliklarning o‘zbek madaniyatiga nechog‘lik oshufta ekanini ularning ko‘zlaridan, so‘zlaridan sezish mumkin edi.
O‘zbekiston madaniyat kunlarining Bokudagi bulvarda bo‘lib o‘tgan yopilishi marosimi va katta konsert dasturini tomosha qilish uchun minglab san’at shaydolari yig‘ildi. Millionlab qalblarni zabt etgan afsonaviy “Yalla” guruhi, ikki xalqning sevimli san’atkori Nasiba Abdullayeva, shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Ilyos Arabovlarning chiqishlari tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Bir necha kun davomida cheksiz shukuh, birdamlik, mehr-oqibat va xayajonli lahzalarga boy bo‘lgan O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘z nihoyasiga yetdi. Do‘stlik va qardoshlik tantalari O‘zbekistonda davom etadi.