“Dunyo sadolari” xalqaro estrada san’ati festivali boshlandi

19 Jul, 2023 - 01:35
821
“Dunyo sadolari” xalqaro estrada san’ati festivali boshlandi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Bugun Andijon viloyatining so‘lim Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida so‘z olgan Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivali bilan barchani qutladi:

"Keyingi yillarda Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonlaridan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, milliy madaniyatimizni jahon miqyosida keng targ‘ib etish, iste’dodli yoshlarni kashf qilish, zamonaviy estrada qo‘shiqchilik san’atini ommalashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bu borada ayrim misollarni keltirib o‘tsak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi.

Milliy estrada san’atimiz asoschilaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qo‘shiqchilari tanlovi yo‘lga qo‘yilgani, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etilgani, san’atkorlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqlar miqdori kamaytirilgani, yangi estrada asarlari yaratish uchun kompozitor va bastakorlar davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanayotgani islohotlarning yangi davridagi muhim yangiliklardandir.

Mana shunday keng imkoniyatlar natijasida xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida estrada san’atiga qiziqish kuchayib, yangi-yangi ijodiy jamoalar va xonandalar yuzaga chiqmoqda.

Ular nufuzli xalqaro festival va tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, o‘zbek milliy estrada san’atini jahonga tanitish, uni targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shishmoqda. Kelgusida ham bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Shu o‘rinda muhim bir xushxabarni aytib o‘tsam. Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan iste’dodli yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti ta’sis etiladigan bo‘ldi.

Joriy yildan boshlab ushbu festival har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

Bu galgi san’at anjumani doirasida estrada ijrochiligi bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilgani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning pavilonlari tashkil qilingani, ularda ijodiy jamoalar o‘z chiqishlarini namoyish etayotgani festival qamrovini yaqqol aks ettiradi.

Ushbu festival sizlarga yaxshi kayfiyat, ijodkorlarga esa yangi ilhom baxsh etadi, deb ishonaman".

Ochilish marosimi maxsus badiiy dastur asosida dunyo estrada yulduzlarining chiqishlari bilan davom etdi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash