O‘zbekistonga gruziyalik sayyohlar oqimi yanada ko‘payadi
14 Jul, 2023 - 12:46
844
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Shu kunlarda Madaniyat va turizm vazirligi vakillari turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida Gruziyaning Tbilisi shahrida bo‘lib turibdi.
Vazirlik mutaxassislari Gruziyaning Milliy turizm administratsiyasi rahbariyati bilan uchrashib, xorijlik rasmiyga O‘zbekistonning turizm salohiyati, sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud transport-logistika to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berdi.
Tomonlar 2023-yilning sentabr oyida Gruziya turoperatorlari, OAV vakillari, blogerlar ishtirokida O‘zbekistonning turizm tashrif obyektlari bo‘ylab info-tur hamda B2B uchrashuvlari tashkil etish bo‘yicha kelishib oldi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda ichki turizmni tashkil qilish va bu borada aniq statistika yuritish bo‘yicha tajriba almashinish belgilandi.
Milliy turizm administratsiyasi Gruziya shaharlarida O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida roud-shou tashkillashtirishda amaliy yordam ko‘rsatishini bildirdi.
Maʼlumot uchun, 2023-yilning 6 oyda mamlakatimizga Gruziyadan kelgan sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda ikki barobarga ortgan.