Qo‘qonda ilk marta turkiy tilli yoshlar festivali boshlandi
12 Jul, 2023 - 01:55
950
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Yosh avlodning xalqlarimiz tarixi va milliy-madaniy merosiga mehrini oshirish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarni targ‘ib qilish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish maqsadida joriy yilning 11-15-iyul kunlari Farg‘ona viloyatida “Turkiy tilli yoshlar xalqaro festivali” tashkil etilmoqda.
Ushbu festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyulda qabul qilingan “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil qilinmoqda.
11-iyul kuni Qo‘qon shahrida joylashgan "Kokand University" binosida mazkur tadbirning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Madaniyat va turizm vazirligi, Farg‘ona viloyati va Qo‘qon shahar hokimligi vakillari, Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY)ga a’zo mamlakatlardan tashrif buyurgan yoshlar hamda xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
“Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan turkiy tillarda so‘zlashuvchi davlatlar yoshlari o‘rtasida ushbu festival har ikki yilda doimiy o‘tkazilishi belgilandi. Bu orqali yoshlar o‘rtasida turli g‘oyalarni muhokama qilish, manfaatli loyihalarni amalga oshirish hamda eng muhimi, ular o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga eʼtibor qaratganmiz. Bu kabi tadbirlar qardosh xalqlar yoshlari o‘rtasida uzilmas ko‘prik vazifasini o‘tab beradi deb ishonaman”, - dedi Madaniyat va turizm vazirligi boshqarma boshlig‘i Zarrina Abdullayeva.
Festival doirasida 3 kun davomida kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari, mamlakatimizdagi Elchixona konsullari bilan festival ishtirokchilarining uchrashuvlari tashkil etiladi.
“Ochiq muloqot ruhida o‘tkazilayotgan tadbirlarimiz davomida yoshlarimiz qardosh mamlakatlardan kelgan tengdoshlari bilan hamkorlikda keyingi faoliyati uchun muhim bo‘lgan g‘oyalar va loyihalar ustida fikr almashishadi. Biz B2B formatida uchrashuvlar tashkil etib hamda tadbirkorlik subyeklarini taklif etgan holda bu uchun imkoniyat yaratib bermoqdamiz”, deya ta’kidladi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov.