“IndiGo” aviakompaniyasi sentabrdan mamlakatimizga aviaqatnovlar sonini oshiradi
05 Jul, 2023 - 20:38
532
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Mamlakatimizga xorijdan kirib keluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda xizmat ko‘rsatishda sifat darajasini jahon standartlariga mos ravishda rivojlantirish maqsadida Hindistonning “Wingspan” kompaniyasi vakillari bilan ikki tomonlama muloqot tashkil etildi.
Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari U. Azamov, “Wingspan” kompaniyasi raisi va ijrochi direktori Niraj Rati hamda tashkilot rasmiylari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda dastlab xorij kompaniyasi vakillariga respublikamizning turli yo‘nalishlardagi sayyohlik imkoniyatlari, xorijiy sayyohlik agentliklari uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini Hindistonda keng targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida, xususan, Hindistondagi turli elektron platformalar orqali targ‘ibot ishlarini olib borish va kino sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirish zarurligini ta’kidlashdi.
Xorijiy tomon Hindistonning janubiy shtatlaridan ziyoratchilarni alohida charter reyslar orqali mamlakatimizga safarlarini tashkil etish yuzasidan o‘z takliflarini kiritdi. Mazkur yo‘nalishda turizm sohasida faoliyat olib borayotgan mamlakatimizning tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishib olindi.
Janob Ratining qayd etishicha, “IndiGo” aviakompaniyasi joriy yilning sentabr oyidan “Dehli – Toshkent – Dehli” yoʻnalishi boʻyicha haftasiga 4 marta muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan.
Muzokaralar yakunida, Madaniyat va turizm vazirligi va “Wingspan” kompaniyasi muhokama qilingan barcha kelishuvlarni hayotga tadbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.