"O‘zbekiston azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik" - Bulut BAXCHI
05 Jul, 2023 - 12:24
467
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Qadimiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan O‘zbekistonni dunyo ahli ertakmonand sirli mamlakat sifatida biladi. Haqiqatan ham, yurtingiz jahon ahamiyatiga ega sayyohlik obyektlariga boy. O‘zbekiston qadimdan Sharq va G‘arbni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib kelgan. Bu yerda nafaqat o‘zaro savdo-sotiq qilingan, balki turli madaniyatlar, urf-odatlar, an’analar qo‘shilib, bir-birini boyitgan. Bularning barchasi hozirgi O‘zbekistonda turli madaniyatlar, qadriyatlar va falsafalarning noyob sintezi shakllanishiga olib kelgan. Bugun mamlakatda ko‘plab millatlar, dinlar va konfessiyalar vakillari tinch-totuv turmush kechirmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning drayver sohasi sifatida rivojlantirilyapti. Mamlakat dunyoga tobora keng ochilmoqda. Ko‘plab mamlakat fuqarolariga viza olish tizimi osonlashtirildi. Ko‘plab mamlakatlar aholisi uchun O‘zbekistonda bo‘lishda vizasiz tizim joriy qilindi. Sayyohlik infratuzilmasi izchil takomillashtirilyapti. Bu esa yurtingizga, xususan, qadimiy Samarqand, Buxoro, Xiva kabi mo‘jizaviy shaharlaringizga sayyohlik marshrutlarining yanada ko‘payishiga turtki bo‘lmoqda.
Mamlakatingizning tarixiy yodgorliklari, muzeylaringizda saqlab kelinayotgan bebaho eksponatlar, asori atiqalar O‘zbekiston jahon sivilizatsiyasi o‘choqlaridan biri bo‘lganligini namoyon etadi. Bugun butun jahon ahli bu noyob va betakror obidalarni kelib ko‘rish, ziyorat qilish sharafiga muyassar bo‘lyapti.
Mamlakatingiz rahbariyatining ajdodlarning boy merosini, jumladan, noyob amaliy san’at namunalarini, qadimiy qo‘lyozmalar va asarlarni o‘rganish, tadqiq etish, avaylab-asrash hamda targ‘ib qilishga qaratayotgan ulkan e’tibori tahsinga sazovor. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritayotgani so‘zimiz isbotidir. Biz bu borada ham O‘zbekistondan ibrat olsak arziydi.
Bulut BAXCHI,
Butunjahon turizm forumi instituti prezidenti (Turkiya)