Madaniy meros haftaligining ochilish marosimi oʻtkazildi
03 Jul, 2023 - 01:06
570
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Mamlakatimizda 2023-yilning 3-7-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi Renessans asosi” madaniy meros haftaligi hamda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi o‘tkaziladi. Ushbu tadbirlarga dunyoning 40 ga yaqin mamlakatlaridan yuzlab mehmonlar tashrif buyurshi kutilmoqda.
Hafta davomida poytaxtimizdagi muzeylarda Temuriy davri madaniy merosi, xalq amaliy san’ati durdonalari, O‘zbekistonda saqlanayotgan Avvangard san’ati durdonalari ko‘rgazmalari o‘tkaziladi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – barqaror rivojlanish sari”, “Qulay biznes muhiti”, “Sog‘lom va bilimli jamiyat”, “Sifatli ta’lim va innovatsiyalar – barqqaror kelajak asosi”, “Minataqalarni bog‘lovchi ko‘prik”, “Inson qadri e’zozlanadigan diyor” singari mavzularda konferensiya va davra suhbatlari, uchraashuv va taqdimotlar o‘tkaziladi.
Poytaxtimizda yangi barpo etilgan “Event Hall” binosida mazkur haftaliklarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari, madaniyan va san’at namoyandalari, jurnalist va blogerlar tashrif buyurishdi.
Marosim avvalida mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy sohalardagi yangilanish jarayonlari haqidagi videorolik namoyish qilindi. Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor xususida to‘xtalib o‘tdilar.
“Bugun dunyo miyosida mamlakatlar asosan iqtisodiy imkoniyatlari bilan emas, qadriyatlari, madaniyati bilan bellashyapti, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev. – O‘zbekiston ham o‘zining tashqi siyosatida birinchi navbatda madaniy salohiyatiga tayanadi. Shu orqali yurtimiz bugun xalqaro miqyosda o‘z imijini yaratmoqda. Bugun boshlanyotgan madaniy tadbirlar ham O‘zbekiston madaniyati va qadriyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan”.
“Insoniyat uchun eng muhim narsa bu muloqotdir, - dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov. – Yurtimizda bu borada davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan keng qamrovli ishlar qilinmoqda. Xususan, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bajayotgan ulkan ishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Bugun ishga tushirilgan mazkur madaniyat maskani ham, bugundan boshlanadigan madaniy tadbirlar ham aynan turli davlatlar, xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni ta’minlaydi, deb umid qilaman”.
“Bugungi anjuman avvalo ijod ahlini, madaniyat va san’at vakillarini jamlamoqda, - dedi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Ayni paytda xalqaro darajadagi hamkorlik aloqalarimiz rivojlanib bormoqda. Bunda san’atimiz vakillarining ham munosib o‘rni bor. Bugun ochilayotgan haftalik ana shu hamkorlikni yanada mustahkamlashga, o‘zbek madaniyati va san’atini shuhratini yanada keng yoyishga xizmat qiladi”.
“Hamma narsani vaqt hal qiladi, deyishadi, - dedi O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev. – bir paytlar bunday yirik san’at koshonalarini orzu qilishmiz mumkin edi, xolos. Bugun ana shu orzular amalga oshmoqda. Yurtimizda bayramlar, fayzli-tarovatli kunlar ko‘p bo‘lsin. Biz hamisha xalqimiz xizmatida bo‘lishdan charchamaymiz”.
“Uch yil avval davlatimiz rahbari bilan bo‘lgan uchrashuvda o‘zbek kinosining avvalgi shuhratini qayta tiklash masalasi ko‘tarilgan edi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston kino arboblari uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov. – O‘tgan qisqa frsat ichida o‘zbek kinosi yana jonlandi. O‘nlab yangi filmlarimiz dunyo yuzini ko‘rdi. O‘zbek kinoustalari yaratgan ko‘prlab filmlar xalqaro miqyosda, nufuzli kino anjumanlarida e’tirof etilyapti. Bularning barchasi o‘zbek kinosiga qaratilayotgan ulkan e’tibor natijasidir. Biz kelgusida xalqimizning ishonchini yangi-yangi filmlarimiz, xalqaro darajatagi yutuq va muvaffaiyatlarimiz bilan qaytarishga qo‘ldan kelguncha harakat qilamiz”.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda barcha sohalar qatori, madaniy-ma’rifiy sohalarda ham keng qamrovli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Vatanimiz kundan-kunga chiroy ochib, yangidan-yangi imoratlar, madaniy-ma’rifiy muassasalar bunyod etilmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekiston bir qator xalqaro madaniy tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Xususan, maqom, baxshichilik, hunarmandchilik anjumanlari, Toshkent Xalqaro kinofestivali shular jumlasidan.
Shuningdek, marosim davomida bayram sayli, ko‘rgazmali chiqishlar, dilrabo kuy qo‘shiqlar, ko‘ngilochar tomoshalar ishtirokchilarni mamnun etdi.