Yaponiyaning Nara shahrida Samarqand kunlari bo‘lib o‘tmoqda
02 Jul, 2023 - 12:54
515
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Yaponiyaning Nara shahridagi Samarqand kunlari festivaliga start berildi. Turizm sohasi vakilari, tadbirkorlar, hunarmandlar, ishbilarmon doira vakillari hamda madaniyat xodimlaridan iborat Samarqand viloyati delegatsiyasi Yaponiyada xizmat safarida bo‘lib turibti.
Festivalning birinchi kunida Nara va Samarqand vakillari ishtirokida Samarqandning turizm va investitsion salohiyatiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi. Konferensiya ishida yaponiyalik va samarqandlik biznes hamda Nara prefekturasi va Samarqand viloyati delegatsiyasi vakillari hamda Yaponiya ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Konferensiyada ishtirok etgan Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita Samarqand va Nara o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni yanda mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning festival ishtirokchilariga video murojaati eshittirildi. Shu bilan birga konferensiyada viloyat turizm va investitsion salohiyati, transport-logistika tizimida sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, turistik kompaniyalari tomonidan yangi turizm mahsulotlari to’g’risida taqdimotlar tashkil etildi.
Konferensiya yakunida G2B, B2B uchrashuvlar tashkil etilib, mamlakatimizga yaponiyalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha ikki tomon turistik korxonalari o’rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Samarqand kunlari doirasida shu kunning o‘zida Samarqandning turizm, investitsiya, hunarmandchilik, gastronomiyasi salohiyatini namoyon etuvchi ko‘rgazmalar tashkil etildi hamda Samarqand oshi tayyorlanib mehmonlarga tortiq etildi.
Festivalga tashrif buyurgan mehmonlar samarqandlik xonanda va sozandalarning kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lishdi.
Tadbirlar davom etmoqda.
Ma’lumot uchun 2021-yil 24-dekabr kuni Samarqand bilan Nara o’rtasida do’stona munosabatlar to’g’risida shartnoma imzolangan.