Gollivud montaj rejissyori Ueyn Varman Toshkent shahridagi BDKI filiali talabalari uchun mahorat-darsi o‘tkazdi

27 Jun, 2023 - 20:24
509
Gollivud montaj rejissyori Ueyn Varman Toshkent shahridagi BDKI filiali talabalari uchun mahorat-darsi o‘tkazdi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Kuni kecha Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (BDKI) Toshkent filialida afsonaviy Gollivud montaj rejissori Ueyn Varmanning mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Varman o‘zining ijodiy faoliyati, klassik va zamonaviy montaj asoslari, animatsion va badiiy filmlaridagi montajning farqi, Jon Travolta, Jan-Klod Van Damm, Kemeron Dias, Kianu Rivz, Demi Mur, Samanta Smit, Rassel Krou, Kolin Farrell kabi shaxslar bilan ishlashning nozik jihatlari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Uill Smit bilan ijodiy tandem, o‘zining sevimli loyihalari, “Men afsonaman” filmining boshqacha yakunli ikkinchi varianti ham borligi haqida alohida ta’kidlab o‘tdi. 

“Biz Uill Smit bilan ikkala variantini ham ovozlashtirdik, ammo Warner Bros. studiyasi, siz bilgan va ko‘rgan variantni tanladi”, - deydi Ueyn Varman talabalarning savollariga javoban. Shu bilan birgalikda, u tez orada ushbu filmning davomini ko‘rishimizni ham aytib o‘tdi.

“Qaysi yo‘nalishda ishlashni Afzal ko‘rasiz, animatsion yoki badiiy?” degan savolga Varman ijod va tajriba uchun ko‘proq erkinlik bor ekanligi sababli ko‘proq badiiy film yo‘nalishida ishlashni afzal ko‘rishini aytdi. Eslatib o‘tamiz, Varmanning ko‘plab eng yaxshi ishlari orasida Walt Disney kinostudiyasining “Qizil sayyora siri” nomli multfilmi ham bor.

Zamonaviy va klassik montajning tafsilotlari, uning farqlari, dinamikasi va yangiliklari to‘g‘risida gapirayotib, Varman o‘zining 1989-yildagi ishini, Jan-Klod Van Damm ishtirokidagi “Kikbokschi” filmini va Kemeron Dias ishtirokidagi “Charli farishtalari” zamonaviy filmini misol qilib keltirdi. “Kikbokschi” filminining montajini ayni damda qanday qilgan bo‘lar edingiz?” savoliga u “Xuddi o‘sha paytdagi kabi qilgan bo‘lar edim, filmning hikoya va mazmunini o‘zgartirib bo‘lmaydi”, deb javob berdi.

Gollivudda yarim tun va yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay, Janob Varman sabr-toqat bilan va zavq bilan talabalarning ko‘plab savollariga javob berdi. Mahorat-darsi taxminan ikki soat davom etdi. 

Shuningdek, uning Toshkentga kelishi va Toshkent shahridagi BDKI filialida ma’ruza va mahorat darslari shaklida ta’lim berishi masalalari qo‘shimcha ravishda muhokama qilindi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, Toshkent shahridagi BDKI filialida bunday mahorat darslari yangilik emas va ular bundan keyin ham davom etadi. 

Ma’lumot uchun, Ueyn Varman “Qora kiyimdagi odamlar 3”, “Men afsonaman”, “Yer to‘xtagan kun”, “Konstantin: zulmat hukmdori”, “Charli farishtalari”, “Charli farishtalari 2: faqat oldinga”, “Qizil Sayyora siri”, “Stefani” kabi ko‘plab dunyo bestsellerlarining montajchisi. 

Uning ko‘plab filmlari “Oskar”, “Oltin globus”, “Oltin palma novdasi”, “Gremmi” va boshqa ko‘plab mukofotlar sovrindoridir.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash