Qoraqalpog‘istonning turizm salohiyati targ‘iboti uchun xorijning yetakchi OAV vakillari hamda blogerlari jalb etildi
06 Jun, 2023 - 13:27
819
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)
Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbotson bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonning boy madaniyati va turizm salohiyatini xalqaro bozorda targ‘ib qilish maqsadida dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad – dunyoga tanilgan ekologik vaziyatni ijobiy tarafdan ko‘rsatish va hozirgi kunda davlatimiz tomonidan tabiatni muhofaza qilish va turizm sohasida qilinayotgan ishlarni xorijiy OAVda yoritib berishga qaratilgan.
Loyiha doirasida S.Ibbotson tomonidan maqsadli media ro‘yxat shakllantirilib, safar bilan bog‘liq marshrutlar ishlab chiqildi hamda Jahon internet tarmog‘ida sifatli maqolalar sonini ko‘paytirishga urg‘u berildi.
Buyuk Britaniya, Finlandiya, Ispaniya, Irlandiya, Indoneziya va Hindiston davlatlarining yetakchi OAV vakillari hamda turizm sohasidagi blogerlaridan iborat 8 kishilik delegatsiya tomonidan 8 kun davomida Qoroqalpog‘iston bo‘yicha sifatli mediakontentlar tayyorlandi va tez orada butun omma e’tiboriga havola etiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu delegatsiya vakillarini butun dunyo bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlarda 100 mlndan ortiq obunachilar kuzatib boradi. Bu o‘z navbatida mamlakatimizga xorijdan kirib keluvchi sayyohlar sonini bir necha karra ortishi uchun xizmat qilishi kutilmoqda.