Yosh o‘zbek kinoijodkorlari  “Золотой Витязь” xalqaro kinoforumida eng ko'p mukofotni qo'lga kiritdi

02 Jun, 2023 - 21:46
551
Yosh o‘zbek kinoijodkorlari  “Золотой Витязь” xalqaro kinoforumida eng ko'p mukofotni qo'lga kiritdi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Kuni kecha  Rossiyada “Золотой Витязь”  XXXII Xalqaro kinoforumi yakunlari sarhisob qilindi. Unda Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Eron, Avstraliya, Ispaniya, Kanada, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Argentina va boshqa 20 ta xorijiy mamlakatlardan 165 ta kartina ishtirok etdi.

Quvonarli tomoni, yosh o'zbek kinoijodkorlarining filmlari mukofotlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Jumladan, kinorejissor Furqat Usmonovning “Inson” hujjatli filmi, Umid Iskandarovning "Sarobga yo'l" badiiy filmi va Munisa Magametning "Skotch" qisqa metrajli filmlari hakamlar hay'atining maxsus mukofotlariga sazovor bo'ldi. Shuningdek, "Skotch" filmi eng yaxshi debyut film sifatida bronza diplomiga ham sazovor bo'ldi.

Eslatib oʼtamiz, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan, kinorejissyor Furqat Usmonovning “Inson” hujjatli filmi monolog janrida ishlangan film boʼlib, yurtimizda inson qadriga berilayotgan eʼtiborni oramizdagi oddiy odamlarning taqdiri orqali tasvirlangan. Ushbu film 2022 -yil noyabr oyida Turkiyada boʼlib oʼtgan “Qoʼrqut ota “ xalqaro kinofestivalida hujjatli kino yoʼnalishida oliy mukofot – GRАN-PRIni qoʼlga kiritgan edi. 

Munisa Magametning "Skotch" qisqa metrajli filmi esa Qozogʼistonda boʼlib oʼtgan “Tomiris” IY xalqaro kinofestivalida GRАN-PRIni qoʼlga kiritgan.

"Sarobga yoʼl" badiiy filmi taniqli aktyor Umid Iskandarovning ilk rejissyorlik ishi boʼlib, ushbu filmning nufuzli kinoforumda mukofotlanishi esa tahsinga loyiqdir.

Erishilgan yutuqlar haqida Аgentlik direktori Firdavs Аbduxoliqov shunday deydi: “ - Bu kabi mukofotlar va eʼtiroflarning koʼpayishi, avvalambor, muhtaram Prezidentimizning kinematografiya sohasiga, xususan, kinoijodkorlarga berayotgan eʼtibori, yaratayotgan sharoitlarining samarasi. Yosh kinoijodkorlarimizning xalqaro maydonda tanilib borayotganligi Yangi Oʼzbekistonning yangi kino avlodi ijobiy maʼnoda shakllanayotganligidan dalolatdir.” 

Rossiyalik mashhur rejissyor, hakamlar hayati raisi Andrey Konchalovskiy esa “Bu ko‘rsatkich o‘zbek kinosining yangi to‘lqini ekanligi ayni haqiqat”, - deya ta'kidladi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash