O‘zbek raqsi afsonasi Mukarrama Turg‘unboyeva ijodiga bag‘ishlangan “Raqs me’mori” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

30 May, 2023 - 18:51
697
O‘zbek raqsi afsonasi Mukarrama Turg‘unboyeva ijodiga bag‘ishlangan “Raqs me’mori” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi (Axborot xizmati)

Joriy yilning 30-may kuni Kasaba uyushmalari federatsiyalari majlislar zalida “Raqs me’mori” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman o‘z xalqi va yurtini butun dunyoga tarannum etgan, yer yuzining barcha qit’alarida millionlab tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan raqs san’ati ustasi, “Bahor” davlat xalq raqs ansambli asoschisi Mukarrama Turg‘unboyevaning ijodiy faoliyatiga bag‘ishlandi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov va raqs san’ati mutaxassislari, san’atshunos olimlar ishtirok etdi.

Aytish joizki, 1957-yilda tashkil etilgan Mukarrama Turg‘unboyeva boshchiligidagi “Bahor” davlat xalq raqs ansambli o‘zbek raqs san’ati tarixida katta o‘ringa ega. Bu eng yorqin raqs guruhi tashkil qilishning tashabbuskori va ijodkori afsonaviy raqqosa, favqulodda iste’dod sohibi, atoqli xoreograflardan biri, xalq artisti Mukarrama TURG‘UNBOYEVA bo‘ldi. 

Anjumanda so‘z olgan vazir O.Nazarbekov san’at darg‘asining o‘zbek madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi:

“O‘zbek milliy raqs san’ati ustoz Mukarrama Turg‘unboyeva nomi bilan uzviy bog‘liq. Bu ulug‘ san’atkor raqs uchun tug‘ilgan, hayotini shunga bag‘ishlagan, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

E’tibor bering: Mukarama Turg‘unboyeva tug‘ilgan kunining aniq sanasini bilolmay, teatrga ishga kirgan kunlari, ya’ni 16-sentyabrni tug‘ilgan kuni deb hisoblashga qaror qilgan. Shuning o‘zi ham ko‘p narsani anglatadi.

Biroq, keyinroq tug‘ilgan kun uchun bahorning eng muhim pallasi – 31-may kunini tanlagan. Bu ulug‘ san’atkorning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati haqida konferensiya davomida kengroq xabardor bo‘lasiz, degan umiddaman.

Mukarrama Turg‘unboyeva 1957 yilda “Bahor” milliy raqs ansambliga asos solgan. Ushbu ansambl O‘zbekiston dong‘ini butun dunyoga taratdi va jahonning eng zo‘r raqs jamoalari qatoridan joy oldi.

Bastakor Muhammadjon Mirzayev bilan birga yaratilgan “Bahor valsi” raqsi “Bahor” ansamblining o‘ziga xos ijodiy ramziga aylandi va oltin meros turkumiga kiruvchi mangu asarlar qatoridan o‘rin oldi.

Qolaversa, Mukarrama Turg‘unboyeva tomonidan yaratilgan “Tanovar”, “Munojot” kabi raqs san’ati durdonalari XX asrning nodir raqslari turkumiga kirdi.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, shunday vaqtlar ham bo‘ldiki, ansambl faoliyati to‘xtab qoldi. Uzoq davom etgan ijodiy tanaffusdan so‘ng Prezidentimizning 2020 yil 4 fevraldagi tegishli qaroriga binoan “Bahor” ansambli qayta tashkil etildi. Bu madaniy hayotimizda ulkan voqea bo‘ldi.

Ansambl qayta tashkil etilganidan so‘ng o‘zining ilk konsert dasturini 2021-yil 14-15-dekabr kunlari xalqimiz e’tiboriga taqdim qildi. So‘ng Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklari sahnalarida o‘z dasturlarini namoyish etdi. Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli barcha davlat tadbirlarida, konsertlar, musiqiy dasturlarda faol ishtirok etib kelmoqda”.

Anjumanda so‘zga chiqqan san’atshunoslar, Mukarramaxonimning shogirlari va izdoshlari favqulodda este’dod sohibasi bo‘lgan san’at darg‘asining ibratli ijod yo‘li va merosi yillar o‘tgani sari qadri yuksalib borayotganini alohida ta’kidlashdi.  

“Bahor” ansambli ma’lumot

Ansamblning birinchi ijrochilari va a’zolari iste’dodli yosh raqqosalar Tamara Yunusova, Zulayho Raxmatullayeva, Dilbar Abdullayeva, Erkinoy Rasulxo‘jayeva, Liliya Rasulova, Ra’no Nizomova, Dilora Karimova, Nelya Bashirova, Valentina Romanova, Ala Raximjonova, Samiya Ahmadiyevalar xalqimiz raqs madaniyatining shonli solnomasini yozdilar. Bu ismlarni yuqori professionallik va ijro mahoratining hayotbaxsh manbaiga aylangan.

“Bahor” ansamblining ilk gastrollari 1958-yil 15-martda Luganskda boʻlib oʻtgan, soʻngra 5 kundan soʻng “Bahor” Krasnodon, Sochi, Suxumi, Boku, Yerevan va Tbilisi safarlariga otlangan.  

“Bahor”ning chiqishlari haqidagi ilk sharhlar: “Barcha “Bahor” raqslari o‘zbek xalqining asl qiyofasini ifodalaydi. Har bir raqs respublikaning ko‘p asrlik madaniyatining badiiy portretidir. “Bahor” raqs kompozitsiyasi (“Bahor” valsi) ansamblning kelajakka ilk parvozidir”.

“Bahor” qisqa vaqt ichida xoreografiya san’ati muxlislari orasida eng sevimli badiiy jamoalardan biriga aylandi. U esa o‘zbek ayolining go‘zalligi, nafisligi, ma’naviy boyligi va yuksak bukilmas kuchi timsoliga aylanib,  o‘zbek xalqining asrlar davomidagi iliqlik va donoligini ifodalab kelgan.

1959-yilda “Bahor” ilk bor O‘zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasida qatnashish uchun Moskvaga boradi. Mashhur Beryozka ansambli asoschisi va rahbari Nadejda Sergeevna Nadejdina “Bahor” haqida shunday deydi: “Bahor” va uning raqslari san’atkorlarning eng katta madaniyati, yuksak mahoratidir. “Березка” va “Bahor” qarindosh qalblar, ular rus va o‘zbek xalqlarining egizaklari.
  
Mukarrama Turg‘unboyeva yaratgan xoreografik kompozitsiyalar hayotga muhabbat, o‘z ijodiga muhabbat va madaniy an'analarga sadoqat bilan porladi. Ularda yuksak poetika va eng nozik musiqa madaniyati, tasviriy san’at va o‘lmas maqomlarning yorqin tarannumlari mavjud edi.

1959-yilgi dekadadan soʻng ansamblga “Oʻzbekiston davlat xalq raqs ansambli” unvoni berildi. Mukarrama Turg‘unboyevaning 1978-yilda uzilib qolgan ijodiy hayoti barcha “Bahor”chilarni yangi izlanishlar, raqs san’atining yangi cho‘qqilarini zabt etishga undadi. Mukarrama Turg‘unboyevaning birinchi va iqtidorli shogirdlari SSSR xalq artisti Qunduz Mirkarimova, O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ravshana Sharipovalar “Bahor” ansamblining 40 nafar raqqosasi bilan Mukarrama Turg‘unboyevaning barcha ijodiy yutuqlarini qo‘ldan boy bermaslik, o‘zbek madaniyatining oltin fondiga kiritilgan o‘lmas raqslarini yo‘qotmaslik uchun sa’y-harakat qildilar.

1965-yilda “Bahor”ning Afrika mamlakatlari: Sudan, Misr, Liviya, Jazoir, Tunis, Marokash bo‘ylab birinchi uzoq masofali xorijiy gastrol safari bo‘lib o‘tdi.

Bugun esa ansambl bosh baletmeysteri va badiiy rahbari Ziyoda Madrahimova, ansambl direktori Gulnora Musaeva va musiqa rahbari Muhammadjon Shokirovlar boshchiligidagi “Bahor”chilarning hozirgi avlodi Mukarrama Turg‘unboyeva tavalludining 100 yilligini kutib olishga hozirlik ko‘rmoqda. Umid qilamizki, o‘zbek xalq raqslari ijodkori bo‘lgan ulug‘ ustozning yubiley tantanalari qariyb yarim asr davomida ustoz-shogirdlari tomonidan yaratilgan sahna asarlarining eng sara yutuqlari namoyishiga aylanadi.

Ansamblning gastrol safaridan so‘ng Mukarram Turg‘unboyeva ansamblning tashrif qog‘oziga aylangan “Rohat”, “Yetti go‘zal”, “Chorgoh”, “Toshkent kosalari”, “Pilla”, “Shabbodalar” nomli yangi sahna asarlarini ijro etadi. 

“Ey Sarvinoz”, “Ko‘z tegmasin”, “Navro‘z”, “Xorazm raqsi”, “Yangi O‘zbekiston”, “Raqslar guldastasi” va boshqa asarlar so‘nggi uch yilda yaratilgan bo‘lib, Mukarrama Turg‘unboyevaning keng tasavvuri bilan yaratilgan “Tanovar”, “Munojot”, “Rohat”, “Farg‘ona ruboiysi”, “Yetti go‘zal” raqslari abadiy asarlar qatorga kirdi. 

1526-yilda Hindistonda buyuk Boburiylar sulolasi barpo etilgandan beri ikkinchi marta 1967-yilda Mukarrama Turg‘unboyeva va uning “Bahor”i 40 nafar qiz bilan o‘zining yorqin raqslari bilan hind xalqining qalbidan joy oladi.
 
“Bahor”ning Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Fransiya, Italiya mamlakatlarida bo‘lgan so‘nggi muvaffaqiyatli gastrol safari jamoaning to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini ko‘rsatdi. Bu yo‘l o‘zbek raqsini ulug‘lash va Mukarrama Turg‘unboyevaning eng yaxshi an’analarini asrab-avaylashda xizmat qiladi. 

1967-yilda “Bahor” ansambliga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ansambl” unvoni berildi. 1979-yilda “Bahor” ansambliga uning asoschisi va birinchi boshlig‘i Mukarrama Turg‘unboyeva nomi berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2020-yil 4-fevraldagi 4584-sonli qarori bilan “Bahor” davlat xalq raqs ansambli qayta tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi MM

Rasmiy sahifa



Biz bilan aloqa

Topilgan xatoni izohlash