Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini yuqori darajada tashkil etish yuzasidan qabul marosimi tashkil etildi
10 May, 2023 - 11:45
603
Jamoatchilik bilan aloqalar (axborot xizmatlari)
Joriy yilning 10-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan qabul marosimi nonushtasi tashkil etildi. Tadbirga xalqaro tashkilotlar va xorijiy missiyalarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari taklif etildi.
Tadbir madaniyat va turizm vaziri O. Nazarbekovning tantanali nutqi bilan ochildi. Vazir o‘z nutqida vazirlik va uning tuzilmalari oldiga qo‘yilgan maqsad-vazifalardan kelib chiqib amalga oshirilgan ishlarga, shu jumladan UNWTO Bosh assambleyasiga qadar Samarqandda turizm taʼlimi, turizmda ayollarning o‘rni, ekoturizm, gastronomik turizm, IT texnologiyalar, turizm sohasidagi “aql markazi”ni tashkil etish bo‘yicha muhim xalqaro tadbirlar rejasiga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda quyidagi masalalar muhokama qilindi:
Madaniyat, sanʼat, kino, turizm va boshqa sohalardagi hamkorliklar;
Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasini yetakchi xorijiy OAVlarda targ‘ib qilish;
Xorijiy davlatlar vakillarini Bosh Assambleya va uning doirasidagi “Turizm sohasidagi investitsiya forumi”, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi turizm forumi” va boshqa tadbirlarga jalb qilish;
UNWTO ravnaqi yo‘lida “Ipak yo‘li” brendini qayta tiklash bo‘yicha aniq muddatlarni belgilab olish.
Xuddi shuningdek, har bir diplomat bilan alohida muloqot qilinib, madaniyat va turizm sohasidagi muhim ustuvor masalalar yuzasidan hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinib istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Vazir diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar vakillariga murojaat qilib, 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shu bilan birgalikda, 2023–2027 yillar uchun UNWTO Ijroiya kengashi aʼzoligiga nomzodlar tashkilotning mintaqaviy komissiyalari yig‘ilishlarida tanlab olinadi hamda tasdiqlash uchun Bosh assambleyaga taqdim etilishi qayd etildi hamda Kengash aʼzoligiga O‘zbekiston Respublikasi nomzodini qo‘llab quvvatlash so‘raldi.
O‘z navbatida, O. Nazarbekov Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbir o‘zbek xalqi mehmondo‘stlikning eng yuqori darajasida tashkil etilishini va jahon turizm industriyasining barqaror rivojlanishiga kuchli turtki beruvchi tarixiy voqeaga aylanishini alohida taʼkidladi.