Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun sayohat tashkil etildi
04 Apr, 2023 - 10:12
441
Axborot va matbuot xizmati
Ortda qolgan dam olish kunlarida Toshkent shahridagi 30-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda imkoniyati cheklangan va daun sindromi bo‘lgan bolalar uchun Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi go‘zal tabiat qo‘yniga sayohat tashkil etildi.
Mazkur tadbir “Ezgu amal” xayriya fondi va “Food for Life” ko‘ngillilar jamiyati loyihasi asosida Madaniyat va turizm vazirligi hamda bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Parkent tumanining Samsarak tepaliklari hududida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda imkoniyati cheklangan va daun sindromi bo‘lgan bolalar ishtirokida ochiq osmon ostida sport va quvnoq startlar musobaqalari, kamondan otish, arqon tortish va varrak uchirish kabi tadbirlar uyushtirildi.
Shuningdek, bolajonlar uchun O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi tashabbusi bilan havo sharida sayr tashkil etildi. Kun davomida uyushtirilgan tadbirlar bolajonlarga quvnoq kayfiyat ulashdi.
“Go‘zal ob-havo va so‘lim tabiat qo‘ynida bolalar uchun ushbu bayramni tashkil etishga muvaffaq bo‘lganimizdan juda xursandmiz. Ularning quvnoq yuzlarini, yonayotgan ko‘zlarini ko‘rish biz uchun juda qiymatlidir. Bu kabi tadbirlar orqali ularni ertangi kunga ishonchini oshirish va o‘zlarini yanada kuchli his qilishlariga erishish bizning maqsadimiz. Tadbirni tashkillashtirishda biz bilan hamkorlik qilgan tashkilotlarga alohida minnatdorlik bildiramiz”, dedi O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi raisi Tohir Saliyev.