“Navro‘zing muborak, Yangi O‘zbekistonim!” qo‘shiqlar tanlovi g`oliblari aniqlandi
21 Mar, 2023 - 09:07
620
Axborot va matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Navro‘z - umumxalq bayramini yanada mazmunli o‘tkazish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish hamda bahor bayramini tarannum etadigan, navqiron avlodni ezgulik, vatanparvarlikka chorlaydigan asarlar yaratish maqsadida tashkil etilgan “Navro‘zing muborak, Yangi O‘zbekistonim!” qo‘shiqlar tanlovi g`olib va sovrindorlari aniqlandi.
Tanlovda 1-o‘rin O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovaning “Elim Navro‘zing keldi”, 2-o‘rin yosh xonanda Yulduz Abdurahmonovaning “Navro‘z keldi”, 3-o‘rin esa xonandalar Akjol Meldibekov va Sabina Hamdamovaning “Navro‘z muborak” qo‘shiqlariga nasib etdi.
Shuningdek, Hakamlar hay`ati tomonidan yana 15 nafar xonandalar tanlovning rag`batlantiruvchi sovrindorlari safidan joy olishdi. Mazkur tanlovning taqdirlash marosimi Navro‘z bayrami tantanalaridan so‘ng tashkil etiladi.