O‘zbekiston ekoturizmiga bag‘ishlangan kitob nashrdan chiqdi
09 Mar, 2023 - 18:00
513
Axborot va matbuot xizmati
Jurnalist Abdulla Mamasodiqovning “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” nomli kitobi chop etildi. Kitob oʻlkamiz tabiatiga, ekoturizmiga bagʻishlangan.
Ma’lumot uchun, muallif 2013–2018-yillarda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Dunyo boʻylab” telekanalida faoliyat yuritganida “Ekspeditsiya” koʻrsatuvini tayyorlagan va oʻlkamizning tilsimlarga boy eng chekka hududlariga xizmat safari bilan borgan. Kitob jurnalistning sayohatlari davomida koʻrgan-kechirganlari, taassurotlari, hayajonlari asosida yuzaga kelgan.
Ta’kidlash kerakki, kitobda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining yovvoyi tabiati, xususan, “Hisor” va “Surxon” davlat qoʻriqxonalari, oʻrmon xoʻjaliklari hududidagi noyob tabiiy yodgorliklar haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Shuningdek, unda vohaning oʻsimlik va hayvonot dunyosi, togʻ qishloqlarining maftunkor manzaralari, aholining oʻziga xos turmush tarzi, qadriyatlari keng yoritilgan.
Bundan tashqari, muallif Oʻzbekistonning eng baland maskanlari – “Hazrati Sulton”, “Xoʻja Pir-pir ota”, “Osmontalash choʻqqilari”, “Sherlar” darasi, “Amir Temur”, “Chilsim”, “Zarautsoy”, “Ajinakamar”, “Teshiktosh”, “Xoʻjaipok” gʻorlariga ham alohida to‘xtalgan.
Shu bilan birga kitobni o‘qib, 500 metrlik “Bibishoy” shotisi, “Xomkon” koʻli, qadimiy dinozavr izlari, “Sangardak”, “Hoʻkizburun”, “Baytaldumi” sharsharalari, “Qizildaryo”, “Tanhozdaryo”, “Oqsuv” daryosi, tabiiy oʻrmonlar, sersuv buloqlar haqida ham qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.