Namangan viloyatida yig'ilish
10 Oct, 2021 - 12:00
804
Ishchi guruh yig'ilishi
Oʼzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʼrinbosari Bahodir Аxmedov raisligida joriy yilning 10 oktabr kuni Namangan viloyati madaniyat boshqarmasi hamda uning tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yigʼilish boʼlib oʼtdi.
Yigʼilishda Oʼzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʼrinbosari Bahodir Аxmedov raisligida 2021 yil 8 sentabrda oʼtkazilgan va 24 sentabr kuni 02-18-32-son bilan roʼyxatga olingan yigʼilish bayonida berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi.
Namangan viloyatidagi teatr direktori hamda shahar va tuman madaniyat boʼlimlari mudirlariga bir oy muddatda shartnoma asosida aholining teatr sanʼatiga boʼlgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida alohida jadval asosida spektakllar namoyishini tashkil etish hamda boshqa viloyatlar bilan ham tajriba almashishni yoʼlga qoʼyish vazifasi topshirildi.
Boshqarma tasarrufidagi taʼlim muassasalari rahbarlariga taʼlim muassasalarida dars jarayonlarini alohida nazoratga olish, yosh avlodni musiqa va sanʼatga boʼlgan qiziqishlarini yanada oshirish, rivojlantirish, ularning maʼnaviy olamini boyitish, madaniy saviyasini yuksaltirish, taʼlimning noanʼanaviy usullarini, shuningdek, yangi pedagogik texnologiyalarni taʼlim jarayoniga tadbiq etish, taʼlim muassasalari direktorlarini Oʼzbekiston davlat konservatoriyasida tajriba oshirish boʼyicha takliflar ishlab chiqib, Madaniyat vazirligiga taqdim etish vazifalari topshirildi.
Oʼzbekiston davlat filarmoniyasi viloyat boʼlinmasiga yosh ijodkorlarni izlab topish, kashf etish va ularni respublika darajasidagi sanʼatkorlar qatorida davlat tadbirlarida mukammal ijod mahsullari bilan ishtirokini taʼminlash, respublikaning barcha viloyatlarida reja-jadval va shartnoma asosida konsertlarni tashkil etish vazifalari topshirildi.
Yigʼilishda berilgan topshiriqlar ijrosi boʼyicha amalga oshirilgan ishlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni joriy yilning 1 noyabriga qadar Madaniyat vazirligiga taqdim etish, berilgan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish Namangan viloyati madaniyat boshqarmasi boshligʼi K.Siddiqov zimmasiga yuklatildi.